Bolaga “yo‘q” deyishni o‘rgating.
Bizning jamiyatimizda “yo‘q” deydigan bolani ko‘pincha tarbiyasiz deb baholashadi. Aslida esa, o‘rnida aytilgan “yo‘q” — sog‘lom shaxsiy chegaraning belgisi.
Bugun boshimdan o‘tgan bir voqea yana shu mavzu haqida o‘ylashga majbur qildi.
Bolalarimni masjidga olib borgan edim. Darvoza oldida ikki ayol turardi. Peshin namozi vaqti bo‘lgani uchun biroz kutishimizni aytishdi. Shu payt yoshi katta ayollardan biri bolalarimning qo‘lidagi ichimlikka qarab:
— Qizim, suvingdan ber, dedi.
Men muloyimlik bilan:
— Xola, bu bolalarning suvi. Agar idishingiz bo‘lsa, quyib beraman, dedim. Ammo u kishiga butun ichimlik kerak ekan.
Shunda bolalarimga yuzlandim.
— Qizim, suvingdan berasanmi?
— Yo‘q, o‘zim chanqadim, dedi.
Keyin o‘g‘limdan so‘radim.
U esa indamay, hali ochilmagan ichimligini olib borib berdi.
Oradan bir necha soniya o‘tib, o‘g‘lim qaytib kelib:
— Men ham suv ichmoqchi edim… dedi.
O‘sha payt o‘ylab qoldim.Biz bolalarga: shaxsiy chegarangni himoya qil, o‘z fikringni ayt,
xohlamasang “yo‘q” de, deb o‘rgatamiz.
Lekin amalda-chi?
Ko‘pincha ularni xohlamasa ham o‘z narsasini ulashishga undaymiz. Natijada bola ichidagi “yo‘q”ni yutishni, boshqalarning ko‘nglini o‘z ehtiyojidan ustun qo‘yishni o‘rganadi.
Albatta, mehribonlik va saxiylikni ham tarbiyalash kerak. Ammo saxiylik majburlash bilan emas, bolaning ichki xohishi bilan qadrli bo‘ladi.
Farzandingizning “yo‘q” deyishiga imkon bering.
Chunki bugun o‘z suvini bermaslikka jur’at topa olmagan bola, ertaga o‘zi xohlamagan narsalarga ham “ha” deyishga o‘rganib qolishi mumkin.
Sila nima deysila?