Instagramdan olgan xulosalarimga ko'ra:
"Erkak kishi oʻz holicha hech kim yoki hech narsa." Erkakni faqat unga bogʻlangan foydali xususiyatlari bilangina yaxshi koʻrishadi va qadrlashadi.
Materialistik qarashda hozircha buni normal hisoblashyapti. Lekin dunyo faqat materiyadan iborat bo'lmagan olamda inson — baribir muqaddas maxluqot. U yaxshi ko'rishga ham, yaxshi ko'rilishga ham moyil.
Menimcha, erkakka faqat pul topish mashinasi sifatida qarash uzoqqa bormaydigan, sifatsiz, hissiz va yuzaki munosabatlarni keltirib chiqaradi. Chunki oxir oqibat erkak ichidagi asl istaklari va ruhiy ehtiyojlari roʻyobga chiqmayotganini baribir his qiladi.
Afsuski, oʻz ongini Instagramga topshirib qoʻyganlar eʼtiqodiga koʻra, erkak hech qanday koʻmak va tirgaksiz, mutlaqo yolgʻiz muvaffaqiyat qozonishi kerak degan qarash ilgari surilmoqda.
Vaholanki, hech qanday maʼnaviy tirgaksiz choʻqqiga chiqqan erkak atrofidagilarga nisbatan minnatdorlik emas, aksincha, ruhiy uzoqlashish his qiladi.
Faraz qiling, agar erkak hech qanday tirik motivatsiyasiz, ortida samimiy muhabbat va suyanchisiz biron muvaffaqiyatga erishsa... oʻsha choʻqqiga yolgʻiz chiqqanidan keyin hatto yonidagi ayolni ham qadrlay olmay qoladi.
Yoxud uni shunchaki jamiyat yozib qoʻygan normalar tufayli qadrlaydimi? Yoki dogmalarga tayanib: "Bu mening majburiyatim" deydimi?
Agar insonning his-tuygʻularini oʻchirib, ogʻriqni yutishga va faqat sovuqqonlik bilan natija qilishga majbur qilsak, uning hissiy datchiklari kuyib ketadi. Qoʻpol qilib aytganda, moddiyat uchun hamma hissiyotini qurbon qilgan erkakda samimiy munosabatlar uchun kerakli yoqilgʻi qolmaydi.
Insonning barcha his-tuygʻulari faqat pul topishga evrilib ketgan zamonda, qanday qilib samimiy hissiy hayot kutish mumkin? Bu shafqatsiz dunyo erkakni avval robotga aylantirdi, so'ngra undan muhabbat talab qilmoqda...
Bunday paytda erkakning ongida tabiiy ravishda bir oʻy aylanadi: "Bular meni emas, mening choʻntagimni, mening ashyolarimni yaxshi koʻrishadi". Afsuski, bu ishonchsizlik bor joyda, chinakam muhabbat unib chiqmaydi.
Agar munosabatlar shunday mexanik shaklga kelsa, mazmunli va baxtli hayot qayerda?



