Meni hayron qoldiradigan narsa qizlarning omiligi emas, shuncha diniy va dunyoviy ilmlarni o‘rganib, hali ham dunyoqarashi, fikrlashi tovuq katagidan ham kichikligi. Dunyoviy ilmlar haqida gapirmayman, u boshqa masala. Biroq diniy ilmlarni yaxshigina egallagan qizlar nahot shunchalik molparast va dunyoga shunchalik oshiq bo‘lsa? Qanchalik erish bo‘lmasin, anavi vayner aytganidek, bu dunyo mendan ham, sizdan ham qolishini anglamasa. Hozir xohlagan ilmli qizdan qaysi kitob o‘qiyotganini so‘ramayin, teng yarmidan ko‘pi diniy adabiyot nomini tutadi, lekin orzu-istaklarini so‘rasangiz, bari dunyoviy.
O‘n yil oldingi davrlarni eslayman. Qizlarni yuztasidan atigi yo bir yo ikkitasida hijob bo‘lardi. Hozir Xudoga shukrki, zamon o‘zgardi. Ko‘chada yursam, har o‘n qizning to‘rttasi hijobda, bu degani har o‘n qizning to‘rttasi taqvo yo‘lini tanlagan, dindan yaxshigina xabari bor qizlar degani (to‘g‘rimi?). Men yigit kishi bo‘lib gapirishim qanchalik noto‘g‘ri bo‘lmasin, aytmasam bo‘lmaydi. Mayli, to‘g‘ri kiyinishni qo‘yib turaylik, o‘zini qanday tutishni ham eplay olishmaydi. Bo‘yanish esa shunchalikki, ta’rifga til ojiz. Hozir ayrimlar: «Ha, kiyinsa o‘zi uchun kiyinibdi, bo‘yansa o‘zining chiroyi uchun shunday qilibdi», deb og‘zimga urmoqchi bo‘lishadi. Lekin rostini aytaman, bu umuman yarashmaydi, ayrim «erkaklar»ning ehtirosini qo‘zg‘atishdan narisiga yaramaydi. Shunday ekan, na bu dunyoda, na oxiratiga foydasi tegmaydigan amalni qilishdan naf nima?
Mahr masalasi esa alohida mavzu. Inson qadr-qiymati nahot qandaydir moddiyatga bog‘liq bo‘lib qoldi? Yoqa ushlayman, xursand bo‘laman, kimni kimligini oila qurmasdan ham bilish imkoniyati tug‘ilganidan. XIX asr oxirlari, XX asr boshlari o‘zbek adabiyotini o‘qirkanman, aynan o‘sha payt ham bu mavzu o‘ta aktual bo‘lganiga guvoh bo‘laman. Faqat farq nimadaki, bunda mahr to‘g‘ridan-to‘g‘ri ota-onalar tomonidan talab qilinib, ota-onalar o‘z ehtiyojlariga butunlay sarflashgan. Bunga klassik misol qilib, Qodiriyning «Baxtsiz kuyov»ini keltirishimiz mumkin. Xo‘sh, oxir-oqibat nima bo‘ldi? O‘sha mahr bir oilani baxtli qila oldimi? (Mahr mavzusida keyingi postlarda to‘liq to‘xtalaman.)
Suqrot bozorni kezib yurib, shunday degan ekan: «Shuncha noz-u ne’matlarsiz ham yashash qanday baxt». Shunday ekan, faqat moddiy narsalarni o‘ylab emas, ma’naviyatimizga va oxiratimizga foydali amallar bilan shug‘ullanishimiz kerak. Shu o‘rinda Tohir Malikdan ham iqtibos keltiraman: «Agar oilaning baxtini boylik belgilaganda edi, bironta boy xonadonda oilaviy janjal ko‘tarilmas edi». Moddiyatga siz hech qachon baxtni, halovatni sotib ololmaysiz.
Men nima uchun aynan qizlarga murojaat qilyapman? Erkak kishi eng minimal ehtiyojlar bilan ham baxtli yashashi mumkin, lekin ko‘p ayollar bunga toqat qilolmaydi. Ayniqsa, hozirgi zamon ayollari. Lekin aslida baxt bunda emas. Baxt yashayotgan lahzangizda, baxt bu farzandingiz ortidan yaxshi tarbiya qilganingiz uchun rahmat eshitishingizda, baxt bu oilada har kuningiz tinch va urush-janjallarsiz o‘tishida... Oxir-oqibat, o‘zimiz bilan hech nimani olib ketolmaymiz, bizdan qoladigani yaxshi, millatga foydasi tegadigan farzandlar. Bekorga Fitrat, uylanishdan eng asosiy maqsad farzand ko‘rish, demagan.
Xulosa qilib shuni aytaman, singlim-opam, moddiylikni qo‘ying, sizni ortiqcha bo‘yanishlarsiz, turli xil zeb-u ziynatlar, brend kiyimlarsiz sevadigan inson bilan birga bo‘ling, sizga mahrga «gelik» (mubolag‘asi bilan) emas, chiroyli sura o‘rgatadigan iymonli, diyonatli, ilmli yigitni tanlang. Bu dunyo o‘tkinchi, bizdan qoladigani aziz farzandlar.