Nasiyaning haqiqiy narxi
Nasiya savdo takliflarida to'liq summani ochish talabi muhokama qilinyapti ekan. Bu yaxshi talab, lekin yana takomillashishi darkor.
Nasiya takliflarida yillik foiz stavkasi va effektiv yillik stavka ham ko'rsatilishi kerak. Masalan, 10 million so'mlik telefonni 12 oyga, oyiga 1 milliondan nasiya orqali to'lash taklifi bo'lsa, uch narsa ko'rsatilishi kerak. Birinchisi: umumiy to'lanadigan miqdor 12 million ekani. Ikkinchisi: yillik foiz stavkasi 35.1% va/yoki effektiv yillik stavka 41.3% ekani.
O'ylashingiz mumkin, qo'shimcha 2 milliongina to'layapman deb, ya'ni narxdan 20 foiziga ko'proq, "demak stavka ham 20%". Lekin 20% bu foiz stavkasi emas, bu sotuvchining ustamasi. Agar 10 millionni bir yil ushlab turib, hammasini 12 oydan keyin bir to'la qaytarsangiz, o'shandagina 20% deyish to'g'ri bo'lardi. Lekin oyma-oy uziladigan qarzda, sizning qarz miqdoringiz har oy kamayib boradi, o'rtacha atigi yarim yil pul ishlatasiz, ustama esa o'sha-o'sha qoladi. Shuning uchun haqiqiy stavka ikki barobardan ko'proq: 35.1% yillik, 41.3% effektiv.
Agar birinchi millionni telefonni olayotgan paytda to'lasangiz va qolgan 11 tasini keyin to'lasangiz, stavka yanada ko'proq degani: 42% yillik, 51.1% effektiv. Bu farq o'ta muhim.
Aynan shuni ham regulyatorlar aytilishini talab qilishi shart. Xuddi shunday, barcha "servis" yoki "xizmat" deb nomlanadigan to'lovlar ham stavka hisobiga kiritilishi kerak.
Men shaxsiy tajribada buni ko'p ko'rdim. Nasiyaga moshinasini olgan taksi haydovchilardan tortib, uylarni nasiyaga olgan odamlargacha — nafaqat oxirida qancha to'lashlarini, balki qanday katta foizda nasiya olganlaridan ham bexabarlar. Matematik va moliyaviy savodxonlik talab etiladigan narsalarda sotuvchi — bu misolda nasiya beruvchi — to'liq axborotni ta'minlab berishi darkor.
Agar yangi qonun faqat "umumiy summani yozing" desa, xaridor o'zi "20% ekan" deb hisoblab, adashadi. Ayniqsa takliflar orasida solishtiruvda. Ya'ni to'liq summani ochish yetarli emas. Chunki muddatlar farqlanishi ko'p uchraydi, xaridor osonlikcha solishtira olishi kerak.
Uy sotuvida ko'rdim.
Uy 120 million deyiladi. Agar 12 oy, oyiga 10 milliondan to'lansa — shu narx. Agar naqd olib kelib hozir to'lasa: "20 million skidka". Bu teskari ekanini ko'rsatish kerak. Uyning asl narxi: 100 million. Bo'lib to'lasangiz - 120 million. Lekin o'sha hisob: 35.1% yillik, 41.3% effektiv stavka. Buni kimdir ipotekaning stavkasiga solishtirib ko'rishga imkoni bo'lishi kerak: ipoteka tashkilotlari odatda yillik stavkani e'lon qiladi, shuning uchun takliflar aro solishtiruv uchun ham bu narsa ko'rsatilishi shart.
Uy sotuvchisi buni "foiz" deb emas, chegirma deb atalsa ham shunday axborot berishlari kerak. Mijoz hozirgi narxda olganida necha pul bo'lar edi va qanchadan bo'lib to'lashga sotilishini. Menimcha uy va moshina kabi kattaroq summadagi takliflarga ayniqsa ko'proq diqqat kerak bo'ladi. To'g'ri, ko'p odam telefon yoki kirmoshinani ham nasiyaga oladi, lekin uy kabi katta summalarda odamlar aldanishini asoratlari og'irroq. Aytyapman-ku, men gaplashgan barcha nasiya olgan odamlar nasiyaning foizini to'g'ri hisoblay olishmayapti.
Demak talab kamida uchta bo'lishi kerak:
Naqd narx: tovar darhol to'lov evaziga sotiladigan eng past narx. Aks holda sotuvchi shunchaki bazani ko'taradi: "narx 120 million, foizsiz bo'lib to'lash" va formal jihatdan stavka 0% chiqadi. AQSh qonunchiligida bu narsa naqd narx ta'rifi orqali yopilgan: moliyaviy xarajat naqd narx bilan umumiy to'lovlar o'rtasidagi farq sifatida hisoblanadi, shuning uchun "skidka" deb atash hech narsani o'zgartirmaydi.
Umumiy summa: necha pul qaytarilishi kerakligi.
(Effektiv) yillik stavka - barcha to'lovlari bilan.
Uchinchisida bitta nozik joy bor, va aslida eng muhimi shu. Bor-yo'g'i 500 ming so'mlik "xizmat haqi" o'sha telefonda effektiv stavkani 41.3% dan 56.3% ga ko'tara oladi chunki u qo'lga tegadigan qarz summasini kamaytiradi, to'lovlarni esa o'zgartirmaydi.