Bola parvarishlash ta'tilidan qaytgan o'qituvchiga avvalgi dars soatlari qaytarilishi shartmi?
Amaliyotda ko'p uchraydigan noto'g'ri qarashlardan biri shuki, o'qituvchi bola parvarishlash ta'tiliga nechta dars soati bilan chiqqan bo'lsa, qaytganda ham aynan shuncha dars soati berilishi shart, degan fikrdir.
Aslida esa amaldagi qonunchilik bunday kafolatni nazarda tutmaydi.
📌 Mehnat kodeksining 405-moddasiga ko'ra, bola parvarishlash ta'tili davrida xodimning ish joyi (lavozimi) saqlanadi.
E'tibor bering, normada "ish joyi (lavozimi)" deyilgan. Unda dars yuklamasi, pedagogik yuklama yoki tarifikatsiya bo'yicha dars soatlari saqlanishi haqida hech qanday qoida mavjud emas.
Pedagog xodimlar uchun dars yuklamasini taqsimlashning maxsus tartibi esa 3271-son Nizom bilan belgilangan.
Mazkur Nizomning 19-bandiga muvofiq, homiladorlik va tug'ish hamda bola parvarishlash ta'tilidan qaytgan o'qituvchilarga dars soatlari Nizomning 15-bandida belgilangan ustuvor mezonlar asosida taqsimlanadi.
Demak, qonunchilik:
lavozimni saqlashni kafolatlaydi;
dars yuklamasini esa har yangi o'quv yilida amaldagi mezonlar asosida qayta taqsimlashni nazarda tutadi.
Shu sababli "ta'tilga nechta soat bilan chiqqan bo'lsa, qaytganda ham shuncha soat berilishi shart" degan qarash amaldagi qonunchilik normalariga asoslanmagan.
⚖️ Huquqiy xulosa: Bola parvarishlash ta'tilidan qaytgan o'qituvchining ish joyi va lavozimi saqlanadi, biroq avvalgi dars yuklamasi saqlanishi kafolatlanmagan. Dars soatlari 3271-son Nizomning 15 va 19-bandlari talablariga muvofiq taqsimlanadi.
Muallif: Sherzod Tolibov, huquqshunos.