Mening Totem hayvonim bilan suhbat: Olov ichidan o‘tgan donolik.
Kuni kecha chuqur bir amaliyot davomida ichki olamim va Maydon menga o‘zimning Totem hayvonim — Kiyikni namoyon qildi.
U bilan uchrashuvda ongimda bolaligimdan bir manzara gavdalandi: yonayotgan o‘rmon va olov ichidan o‘z bolasini qutqarib olib chiqayotgan kiyik...
Bolaligimda shunday bir multfilm ko‘rgandim va o‘shanda o‘rmonga olov yoqqan, tabiatga ziyon yetkazgan odamlardan ich-ichimdan juda xafa bo‘lganim yodimda.
Bu amaliyotda Totem hayvonimdan: "Nega bu manzara keldi va u menga qanday resurs keltirdi?" deb so‘raganimda, u menga aql bovar qilmas bir javobni berdi.
Kiyik hatto o‘sha dahshatli yong‘in ichida qolgan bo‘lsa ham, insonlardan xafa emas edi. Unda nafrat, alam yoki adolatsizlikdan arazlash hissi yo‘q edi. Unig butun diqqati va borliq maqsadi bir narsada edi: bolasining jonini saqlab qolish va uni yangi, xavfsizroq maydonga olib o‘tib, yashashda davom etish.
U bilan bo‘lgan bu suhbat menga hayot va Maydon haqida juda katta saboq berdi:
Xafagarchilik va araz — bu energiyani kulga aylantirishdir. Qachonki biz bizga ziyon yetkazganlardan, o‘tmishdagi "yong‘inlar"dan yoki adolatsizliklardan xafa bo‘lib yurganimizda, butun kuchimizni o‘sha vayronagarchilikda qoldiramiz.
Haqiqiy kuch — Hayotni tanlashda. Kiyik kabi bo‘lish — bu aybdorlarni qidirishga vaqt sarflamay, nima bo‘lganda ham o‘z ichki o‘zligingni, ruhingni va hayotiy resurslaringni qutqarib qolish demakdir.
Yangi maydon har doim ochiq.
Har qanday yong‘indan keyin ham hayot to‘xtab qolmaydi. Muhimi — ichki poklikni va sezgirlikni yo‘qotmasdan, yangi bosqichga va yangi kengliklarga o‘ta olish.
Bizning sezgirligimiz va yumshoqligimiz — bu zaiflik emas. Bu hatto olov ichida ham hayotni saqlab qoladigan buyuk donolik va kuchdir.
Siz-chi, hayotingizdagi "yong‘inlar"(qiyinchilk)da aybdorlarni qidirishda qolib ketasizmi yoki Hayotni saqlab qolib, olg‘a yurishni tanlaysizmi?
4September 4, 2026 55 2