NEGA KITOB YIG‘AVERASIZ?
Ustoz Yorqinjon domla rahimahulloh ko‘p kitob yig‘ar edilar. Biror nashriyotdan yangi ilmiy kitob chiqqanini, biror olim yangi kitob yozganini bilsalar darrov sotib olardilar. Hatto qadimiy qo‘lyozmalarni ham qidirib topar, imkon bo‘lishi bilan xarid qilardilar. Shuning uchun darsxonalari kattagina kutubxonaga aylangan edi.
U kitoblarning hammasini o‘qir, baʼzisini yodlar edilar. Safarga chiqsalar, mehmonga taklif qilinsa, vaʼz qilsalar ham qo‘llarida kitob bo‘lardi.
Kun tartiblari kitob o‘qishdan iborat edi.
Bir kuni bir davlatmand kishi kutubxonalariga kirganda, kitoblarning ko‘pligini ko‘rib: Domla shuncha kitoblarni yig‘ibsizu, lekin ularni o‘qishga imkoningiz yetmaydiku?! degan ekan.
Unga: Hoji aka, siz ham shuncha molu davlatni yig‘gansiz, ammo hammasini ishlatolmaysiz, yana ko‘paytirishga harakat qilaverasiz. Biz ham bu kitoblarni o‘qishga ulgurolmasak ham ko‘paytirishga intilaveramiz degan ekanlar. S. Komillik Sari
____
Men havas qilgan ikki zot!
Alloh taolo har ikkilarini rahmatiga olsin.
Hindistonda o‘zim guvoh bo‘lganman, tongda kitob dukoniga kirar, olmoqchi bo‘lgan har bir kitoblari bilan yaqindan tanishib, mundarijasi va boshini o‘qib chiqib keyin sotib olar edilar.
Shunchaki nomiga qarab biror kitob sotib olganlari bilmayman. Sotib olib, o‘qimasdan tashlab qo‘ygan kitoblari ham yo‘q edi. Sotib oldilarmi, albatta o‘qir, mutolaa va murojaat qilar edilar.
Ustozimning eng yaqin do‘sti Yahyo hoji aka esa juda ko‘p toparman boylardan bo‘lishiga qaramay, topganini ilmga va ahli ilmga sarflar, masjid va madrasa qurilishida peshqadam edilar. Eng qiyin zamonlarda ham boyligini dun yo‘lida sarflagan mard inson edilar. Ko‘plab ahli ilm va tolibi ilmlarga uy olib berar, yohud eski uyi yoki yeri bo‘lsa, o‘zlari qurib berar edilar.
Yorqinjon ustozim aytar edilar: Yahyo hoji akadek boylikni ko‘tara olgan saxiy va kamtar insonni hayotimda ko‘rmadim.
Men esa aytaman: Do‘stlikda birbiriga sodiq bu ikki do‘st kabisini hayotimda ko‘rmadim.
Ikkilari ham Alloh taolo roziligini topishda o‘zaro musobaqalashgan zotlar edi.
Alloh taolo barchalarini rahmatiga olsin.
Joylarini jannatdan qilsin.
Biz shogirdlariga esa ularning yo‘lidan yurishni nasib aylasin.
Omin.