O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Normativ-huquqiy hujjatlar to'g'risidagi O'RQ-682-sonli qonun ushbu masalaga uzil kesil javob beradi.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 15-moddasida qonunlar ustunligi tan olingan:
Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi.
Qonunning 6-moddasida NHHlarning iyerarxiyasi aniq belgilab qo'yilgan:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
vazirliklar va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari.
Qonunning 8-moddasida qonunlarning ustunligi so'zsiz tan olinishi belgilab qo'yilgan:
Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining soʻzsiz ustuvorligi tan olinadi. Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinadi hamda uning normalari va prinsiplariga zid boʻlishi mumkin emas.
Qonunning 7-moddasida qonun va qonunosti hujjatlari alohida ajratib qo'yilgan:
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonun hujjatlaridir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari qonunosti hujjatlaridir.
O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va tegishli qonunchilik hujjatlariga ko'ra NHHlar iyerarxiyasi aniq belgilab qo'yilgan bo'lib, tegishli normalarga ko'ra O'zbekiston Respublikasi qonunlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlaridan ustun turishi hamda huquq normalarini qo'llashda qonunlarga nisbatan ustunlik berilishi belgilab qo'yilgan.
Fozil Omonov
