#RamazongaTayyorgarlik 6
Sadaqaga odatlanish
Eng Saxiy Insonning Ramazondagi Holati
Payg‘ambarimiz Muhammad Sollallohu alayhi vasallam tabiatan insonlarning eng saxiysi edilar. Biroq, Ramazon oyi kelganda bu saxovat o‘zgacha bir shiddat olardi. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarning eng saxiysi edilar. U zotning eng saxiy paytlari Ramazonda, Jabroil alayhissalom bilan uchrashganlarida bo‘lar edi. (Muttafaqun alayh)
Ushbu hadis bizga saxovatning eng cho‘qqisi aynan Ramazonda ekanini ko‘rsatadi. Jabroil alayhi salom bilan Qur’on darslarini qilish Rasulullohning qalblarini yanada yumshatib, saxiyliklarini "Mursal shamol" (foyda keltiruvchi, to‘siqsiz esadigan shamol)dan ham tezroq qilib yuborar edi.
Rasululloh Sollallohu alayhi vasallamning saxovatlaridan yana bir namuna: Bir kishiga bir suruv qo‘yni hadya qilganlarida, u kishi o‘z qavmiga borib:
"Ey qavmim, Islomni qabul qiling! Muhammad shunday hadya beryaptiki, u faqirlikdan aslo qo‘rqmaydigan insonning berishidir", degan edi.
Tayyorgarlikni Sha'bondan Boshlang
Ramazon oyida saxovat qilishga qiynalmaslik uchun hozirdan — Sha'bon oyidan boshlash lozim. Agar inson Sha'bon oyida oz-ozdan bo‘lsa ham qo‘li ochiqlikka o‘rganmasa, Ramazonning barakasidan to‘liq bahramand bo‘la olmasligi mumkin.
Bir kuni Oisha onamizga katta miqdorda mablag‘ (yuz ming dirham) keladi. U zot o‘sha kunning o‘zidayoq barcha mablag‘ni muhtojlarga tarqatib yuboradilar. O‘zlari esa ro‘zador edilar.
Iftorlik vaqti bo‘lganda xizmatchilari: "Ey mo‘minlar onasi, shu puldan bir dirhamiga go‘sht olib qolsangiz bo‘lmasmidi, iftorlikka hech narsa qolmadi-ku?" deganida, Oisha onamiz: "Oldinroq aytganingda olib qolgan bo‘lar edim", deb javob beradilar.
Oisha onamizning hayotlaridan namunalar shuni ko‘rsatadiki, sahobai kiromlar uchun berish — olishdan ko‘ra suyukliroq edi. Ular o‘zlarida yo‘q bo‘lsa-da, borini ilinadigan darajada yuksak axloq egasi bo‘lishgan.
Xulosa o'rnida: Ramazonga tayyorgarlik faqat oziq-ovqat zaxira qilish emas, balki qalbni baxillikdan tozalashdir. Bugundan boshlab:
• Kichik bo‘lsa-da, kundalik sadaqani odat qiling.
• Atrofdagi muhtojlar holidan xabar oling.
Zotan, saxovatli qo‘l — Allohga eng yaqin qo‘ldir va sadaqa moldan hech qachon kamaytirmaydi:
"Sadaqa mol-mulkni kamaytirmaydi." (Termiziy rivoyati)
✍️ @Quran_lughah