qadrli singlimga,
hech bir erkak uning uchun jahannamga kirishga arzimaydi. uni rozi qilayin deb, nomingga dog‘ tushirib qo‘ymagin.
bilsang, Yāsir al-Huzaymiyning bir videosiga duch keldim, unda:
"كل علاقة بدايتها لا ترضي الله نهايتها لا ترضيك"
— boshlanishi Allohga xush kelmagan har qanday munosabatning nihoyasi senga ham xush kelmaydi”, - deyilgandi.
qasamki, bu ayni haqiqat.
kun kelib, seni uning uchun xarob qilganing o‘zliging bilan yolg‘iz qoldiradi. o‘zingni qadrsiz va toptalgan his qilasan. Eng yomoni esa — o‘z-o‘zingni hurmat qilolmay qolishing bo‘ladi.
chunki, mag‘lubiyat ichkaridan boshlangan, qalbda, ibodatda halovat ham qolmagan bo‘ladi.
menga ishon, sen bu ozorlarga loyiq emassan.
kuch-g‘ayratingni, hissiy quvvatingni, bebaho umringni va pokiza tuyg‘ularingni unga sovurib yubormagin.
o‘zing o‘ylab ko‘r, singlisiga qilinsa aslo rozi bo‘lmaydigan muomalani senga qilayotgan kishi shularga arziydimi?
sen uchun otang, akang yoki boshqa valiylaring oldiga kelmagan, biror jiddiy harakat ham qilmagan birov uchun o‘zingni xatarga qo‘yishga arziydimi?
seni volidangdan ko‘p sevgan Vadud, Rahim, Rauf bo‘lgan Allohdan uzoqlashishga-chi?
qarshi jins uchun kurashish — er kishiga yarashadi. hatto jonivorlarda ham shunday.
o‘zini hurmat qilgan qiz erkaklar ortidan yugurmaydi, uni deb hamjinsi bilan soch yulishmaydi, bo‘g‘ishmaydi. bu - shunchaki sharmandalik.
fazilatli ayol-qizlar uchun kurashishadi. marjon uchun g‘avvoslar dengizga sho‘ng‘iydi, ko‘pik esa suv yuziga o‘zi suzib chiqadi. unutma, sen - mufazzalsan.
o‘zingni yerga urmagin. payg'ambarimizning ❤️:
mo‘min kishi o‘zini xor qilmog‘i mumkin emas, deganlarini esla.
yuzingni yorug‘ qilib olib ketaman, degan gap sharaf emas, or ekanligini bilasan. yuzing zotan yorug‘! yorug‘ qilinishi uchun yuzlar avval qaro qilingan bo‘ladi. Alloh saqlasin.
o‘tkinchi hoyu havasni emas, kelajagingni tanla.
ayol uchun ilm, bir kasb-hunar qanchalar muhimligini hali tushunib yetasan.
o‘qishga bugun bor imkon ertaga bo‘lmasligi mumkin.
xullas, ruhiy va jismoniy salomatligingni, ibodatingni, darslaringni va shaxsiy o‘sishingni tanlagin.
o‘zligingni, dunyo va Oxirat saodatini tanla.
©️