Kimnidir yaqindan tanish, bu insonning nafaqat yorqin tomonlarini, balki uning ichki ziddiyatlari, qo'rquvlari va noaniqliklarini ham ko'ra olishingdir. Uning mayda odatlarini payqash, kayfiyatidagi o'zgarishlarni sezish, sukut ortidagi ma'noni tushunishga harakat qilish – bularning barchasi chuqur emotsional bog'liqlik belgilari. Haqiqiy yaqinlik egoni bir qadam ortga surishni talab qiladi. Bu manfaatlaringdan voz kechmasdan, vaqtinchalik o'zingni markazdan chetga olib, boshqani tushunishga joy ochishingdir. Aynan shu nuqtada sevgi o'zining eng yetuk shakliga o'tadi, ya'ni qabul qilishga. Bu qarshingdagi insonni o'zgartirishga urinmasdan, uni qanday bo'lsa, shundayligicha ko'ra olishing va tan olishing, sherigingni kamchiliklari, o'zgaruvchanligi, ba'zan tushunarsiz jihatlarini anglab turib ham, baribir unga mavjud bo'lishga imkonni qoldirishing. Qabul qilish bor joyda inson boshqasini baholashga emas, tushunishga intiladi. Shuning uchun ham kelishmovchilik paytida qochib ketmaydigan, jimlik bilan jazolamaydigan va zarar yetkazishga intilmaydigan, aksincha, tushunishga harakat qiladigan inson bilan birga bo'lish eng muhim tayanchlardan biri. Hamma narsa yengil kechayotganida qolish oson, ammo qiyinlashganda ham qolishni tanlash, bu yetuklik belgisi. Chunki munosabatlar lahzalik tuyg'u bilan emas, har kuni ongli ravishda uni qayta tanlash orqali mustahkamlanadi. Chinakam sheriklik esa mukammal moslikdan ko'ra ko'proq o'zaro niyat, amaliy harakat, qiyin paytlarda ham bir-biriga qarshi emas, yonma-yon turishga jasoratdan iborat.
@niktofilist