#tanaffusvaqti
Xullas, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining qo‘shma loyihasi – “Kelajak soati”da 2025–2026-o‘quv yili davomida – 9 oy kontent-menejer vazifasida ishladim. Yo‘q, yo‘q, ishlamadim, yashadim! Vaqti kelsa yugurdik, vaqti kelsa uxlamadik, vaqti kelsa imkoniyatimizdan ikki hissa balandroqqa sakradik... O‘zimizni sinadik, o‘zimizga bo‘lgan ishonchimiz ortdi, o‘zimizga tan berdik.
To‘g‘ri, har bir topishda yo‘qotish bor… Ish davomida tashqi dunyodan, do‘stlarimdan va boshqa ijodiy ishlarimdan uzilib qoldim. “Kulrang xona”ga e’tibor qarata olmay qoldim. Hatto onajonimni yo‘qotganimning to‘rtinchi kunida ham syomkada edim… Chala qolgan ishlar, shaxsiy chatlarimdagi ochilmagan xabarlar, mendan xafa bo‘lgan insonlarni hisobga olmaganda, loyihaning birinchi mavsumini juda katta zavq va yutuqlar bilan yakunladik.
Shu loyiha orqali respublikamizning 14 ta hududiga kirib bordik, juda ko‘p tanishlar, hamkorlar orttirdik. O‘ylaymanki, bu jarayonda to‘plangan tajribalar, taassurotlar va o‘rganganlarimiz butun umrga yetadi. Bir so‘z bilan aytganda, bu mening karyeramdagi eng yirik va eng sevimli loyihaga aylandi. Nasib qilsa, 2026–2027-o‘quv yilida ham faoliyatimizni davom ettiramiz.
Lekin yozgi ta’tilda biroz bo‘sh vaqtim bo‘lishidan umid qilyapman va chala qolgan ishlarimni bitirishga astoydil, astoydil harakat qilaman. Men e’tibor qarata olmagan do‘stlarim, mendan ranjiganlar – har biringizni qadrlayman. Nasib qilsa, ijodiy kesishuvlar, yutuqlarimiz va hamkorliklarimiz hali oldinda. Hozircha Alloh chizib bergan chiziq ichidaman va nazarimda, bu faoliyat – men uchun ayni damda eng xayrlisi.
Shu loyihada menga ishonch bildirgan do‘stlarimdan, mening o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas, 4x tezlikda ishlay oladigan jamoamdan minnatdorman. Biz bundan ortig‘ini ham uddalaymiz!
@kochassenaristi