Aleksandra Kaveliusning “Laylo” asari — real voqealarga asoslangan, urush fojialarini insoniy taqdirlar orqali yoritib bergan kuchli hujjatli-badiiy kitobdir. Muallif jurnalist sifatida Bosniya urushi davrida guvoh boʻlgan voqealarni, shuningdek yosh qiz — Layloning hayotiy yoʻlini markazga olib chiqadi.
Kitobning markazida Bosniyada musulmonlarga qarshi qilingan zoʻravonliklar, ommaviy qirgʻin va inson sha’nini oyoq osti qilgan vahshiyliklar turadi. Laylo — oddiy qizaloq, ammo urush boshlanishi bilan uning bolaligi, orzulari va hayoti butunlay oʻzgaradi. U koʻplab yaqinlarini, doʻstlarini va vatanining osoyishtaligini yoʻqotadi. Shu bilan birga, Laylo obrazida muallif insoniy sabr, matonat va hayot qolish istagini koʻrsatadi.
Aleksandra Kavelius kitobni hujjatli materiallarga, suhbatlarga va guvohlarning hikoyalariga tayanib yozgan. Shu bois asardagi voqealar badiiy emas, balki hayotning oʻzi: achchiq, ogʻir va dahshatli. Ammo u nafaqat urush fojeasini, balki inson qalbidagi yorugʻlikni ham ochadi — odam qanchalik iztirob chekmasin, unda yashash, sevish va kelajakka ishonish kuchi borligini ta’kidlaydi.
“Laylo” — bu faqat bir qizning taqdiri emas. Bu urush qurboni boʻlgan butun bir avlodning faryodi, insoniyat tarixida unutib boʻlmaydigan saboq. Kitob oʻquvchini befarq qoldirmaydi: har bir sahifa oʻquvchini insoniylik haqida, adolat haqida va tinchlikning qadrini bilish haqida oʻylashga majbur qiladi.
#bookrecommendations #booklover #rekkachiqaraylik #kitobsevar #bookworm