KitobXotiralari 📖 BU KITOBNI O‘QIGANIMGA ROPPA-ROSA 10 YIL… — Kitoblar Olami — TG.ME

#KitobXotiralari

📖 BU KITOBNI O‘QIGANIMGA ROPPA-ROSA 10 YIL BO‘LIBDI...

2016-yil.

Hozirgiday AI yo‘q. Tarjima qilish uchun ChatGPT yo‘q. Google Translate esa hozirgidan bir necha barobar yomon.

O‘sha paytda “Sumerki — Zulmat ostonasidagi muhabbat”ni o‘qigandim.

Adashmasam, o‘zbek tilida faqat 1 va 2-qismlari bor edi. 3 va 4-qismlarni esa Odnoklassnikidagi bir guruh egasi tarjima qilib, bo‘lak-bo‘lak joylab borardi.

Tarjima qilish oson emasdi. Biz esa yangi qism chiqishini kutardik.

Hozir o‘ylasam, bir kitobning davomini o‘qish uchun shuncha kutganimiz ham g‘alati. 😄

Lekin shu asarning ayniqsa birinchi kitobi menda juda boshqacha taassurot qoldirgan.

Menga Edvard obrazining chin Sevgiga bo'lgan munosabati yoqardi.

U Bellani sevadi, lekin unga yaqinlashishning o‘zidan ehtiyot bo‘ladi. Albatta, asarda buning asosiy sababi boshqa — u o‘zini boshqara olmay, Bellaga zarar yetkazib qo‘yishdan qo‘rqadi.

Lekin men o‘sha paytda buni boshqacharoq ham qabul qilganman:

Chindan sevgan inson sevgan odamiga faqat nafs bilan qaramaydi.

Keyingi qismlarda ham Edvardning eski davr odamiga xos qarashlari ko‘rinadi. Bella qarshi bo‘lsa ham, u ayrim masalalarda avval nikoh bo‘lishi kerak deb turib oladi.

Balki shuning uchun ham birinchi kitob menga qolgan qismlardan ko‘proq yoqqandir.

Keyingi qismlarda voqealar kattalashadi: vampirlar, bo‘ri-odamlar, Volturi, Edvard–Bella–Jeykob uchburchagi...

Lekin shu bilan birga, birinchi qismdagi menga yoqqan o‘sha soddalik ham asta-sekin kamaygandek tuyulgan.

Hatto bir paytlar Belladan rosa jahlim chiqqani esimda. 😄 Jeykob masalasida “endi Edvardga xiyonat qilib qo‘ymasa bo‘ldi” deb o‘qiganman.

Xullas, bu kitob haqida gapirsam gap ko‘p.

Eng qizig‘i — oradan 10 yil o‘tib, syujetning ayrim joylarini unutgan bo‘lsam ham, uni qanday ishtiyoq bilan o‘qiganim hali ham esimda.

Ba’zi kitoblarning qiymati ham shunda shekilli.

Kitobni unutishingiz mumkin.

Ammo uni o‘qigan davringizni unutmaysiz.

Sizda ham shunday kitob bormi?

📚 @kitoblarolami707
❤19🔥3
September 4, 2026 5.2K 11 4