2044-yil:
"Yaqinlarimga borimni beraman. Afsuski, ular buning qadriga yetmaydi", "Do'stlarimga yordam berish uchun o'z ishlarimni, hayotimni bir chekkaga surib qo'yaman, ammo menga qo'llab-quvvatlash kerak bo'lganida yonimda hech kim bo'lmaydi"
2024-yil
-Mashinang bormi?
-Bor.
-Uying bormi?
-Bor.
-$1000 dan ko'p oylik olasanmi?
-Olaman.
-Unda farzand ko'rishga to'liq tayyorsan!
Hozirda "farzandli bo'lishga tayyorlanish", deganda, odamlar masalaning faqat moliyaviy tomonini tushunadi.
Aslida dolzarbligi moliyaviy barqarorlikdan kam bo'lmagan yana bir muhim faktor bor: Farzandga shartsiz mehr berishga tayyorlik
"Nimalar deyapsan? Hamma o'z bolasini boricha yaxshi ko'radi, kim bolasiga mehr bermas ekan?" deyishingiz mumkin.
Menda bunga javob bor:
Farzand 3 yoshgacha bo'lgan vaqtda ota-onasi uchun eng yaxshi, eng aqlli, eng zukko bola bo'lib ko'rinishi tabiiy hol. Ammo bola bog'cha yoki maktabga chiqqanidan so'ng barchasi o'zgaradi.
Ota-ona o'zi bilmagan holda farzandini boshqa bolalar bilan solishtirishni boshlaydi.
1)Hamma bolalar xotirjam, negadir uning farzandi to'polonchi.
2)Hamma bolalar she'rni chiroyli aytadi, negadir uning farzandi o'ta uyatchan. Ikki qator she'rni tayinli aytib berolmaydi.
3)Hamma bolalar yaxshi o'qib, matematikani o'rganyapti, negadir uning farzandi oqsayapti.
Tabiiyki, o'qishdagi muammolar sababli ota-onaning farzandiga bo'lgan munosabati o'zgarib boradi. Bundan buyog'iga bola shunchaki mavjud bo'lgani uchun ota-onasidan mehr ololmaydigan bo'ladi. Mehrga erishish uchun albatta ota-onasini quvontiradigan biror ish qilishi kerak.
1.Maktabda ikkita "5" oldi. Ota-ona xursand
2.Matemdan "3" oldi. Ota-ona xafa
3.Darsda odob saqlab o'tirmadi. Ota-ona xafa
4.Namunaviy xulqi uchun ustozi uni maqtadi. Ota-ona xursand.
Faqat ota-onasiga yoqadigan ish qilganida mehr ko'rib, xato qilganida ota-onasining e'tibori va sevgisidan to'liq mahrum bo'ladigan bolaning ongida "demak, qachonki ota-onamga, odamlarga yoqadigan ish qilsamgina mehr ko'rar ekanman-da" degan tushuncha paydo bo'ladi.
Bu orqali ota-ona namunali, gapga kiradigan, yaxshi baholarga o'qiydigan farzandga ega bo'lar. Ammo bolaning ongida "shartsiz sevgi, mehr yo'q. Bunga faqat harakat qilib erishish kerak" degan tushuncha abadiyga muhrlanadi.
1)Do'sti uchun jonini berishni boshlaydi. Garchi do'sti bunga loyiq bo'lmasa ham.
2)Odamlarga yoqish uchun o'rinsiz hushomadlar qiladigan, qimmatbaho sovg'alar taqdim etadigan bo'ladi. Garchi odamlar buni undan talab qilmasa ham.
3)Do'sti muammoga duch kelganida barcha ishlarini yig'ishtirib, do'stining oldiga oshiqadigan bo'ladi. Garchi o'zining boshiga ish tushganida do'sti undan yuz o'girib ketsa ham.
4)Hammaning dardini tinglaydigan, ular uchun kuyunadigan bo'ladi. Garchi o'zining dardi to'lib-toshganida uni eshituvchilar topilmasa ham.
"Men hammaga yaxshilik qilaman, yaxshi do'stman, sodiqman, qizg'anchiq emasman, xushmuomalaman, doim yordamga tayyorman. Shunday bo'lishimga qaramasdan, nega mening qadrimga yetishmaydi, nega mening sodiq do'stlarim yo'q?" kabi savollarni o'ziga berib, javob topolmasdan qiynaladi.
Aslida u yaxshi inson bo'lib yetishmagan. Boshqalar tomonidan qulay insonga aylantirilgan. Barchaning hojatini chiqarib yurgani uchun atrofidagilar muammoga uchraganida unga murojaat qilish kerakligini biladi. Ammo baxtli kunlariga uni sherik qilishni istashmaydi. Qulay inson bunday paytda shunchaki unutiladi.
Har birimizning oldimizdagi vazifamiz kelajak uchun qulay insonni emas, yaxshi insonni yetishtirishdir.
Mayli, farzandingiz a'lo bahoga o'qimasin, odamovi, uyatchan bo'lsin, to'polonchi bo'lsin. Ammo bularning hech biri farzandingiz sizdan oladigan mehrdan mosuvo bo'lishiga, u bilan orangizdagi munosabat sovuqlashishiga sabab bo'lmasligi lozim.
Farzandingizni hamma uchun qulay, ammo baxtsiz, hech kim qadriga yetmaydigan insonga aylantirib qo'ymang.
Bolaligida sizdan ololmagan mehr va e'tiborni begonalardan olishga urunib, o'zligidan kechib yuboradigan darajaga yetib bormasin. Hozirdanoq uni boricha, hech kim bilan solishtirmasdan yaxshi ko'ring.
@mia_gapiradi