Nur izladik — ko‘r qildi quyosh,
Tog‘ ko‘tardik — egildi bu bosh.
Qanday savdo bo‘ldi-ya sodir,
Anglamadik, Muhammad Qodir!
Yurti muzga olov tashidik,
Yuraklarda isyon yashirdik.
Yonib-yonib kul bo‘ldik oxir,
Yalinmadik, Muhammad Qodir!
Ko‘krak kerib bordik har jangga,
Qul bo‘lmadik soxta ohangga.
Yiqitilsa maydonda botir,
Yengilmadik, Muhammad Qodir!
Avliyo yo‘q ko‘kdan tushgulik,
Yolg‘onlar ko‘p qonni ichgulik.
Botqoq ichra haq bo‘lmas zohir,
Aldanmadik, Muhammad Qodir!
Yur, ketaylik qayrilmay ortga,
Tutqazmasdan yurakni yotga.
O‘z yurtida bo‘lib musofir,
Sarsonmiz-ku, Muhammad Qodir!
Olov so‘nar, bosilar to‘fon,
Uyg‘onadi bir kun bu jahon.
Vaqt — hakamdir, haqiqat — nodir,
O‘kinmadik, Muhammad Qodir!
Dilni sotib yashamoq bekor,
Ko‘ksimizda haqiqat bedor,
Nasihatlar qilsa ham mohir,
Tinglamadik, Muhammad Qodir!
Cho‘qqilarni oldik biz ko‘zlab,
Jonni tikdik haqiqat izlab,
Oqibati qanchalar taxir,
O‘ylamadik, Muhammad Qodir!
Zamonsozlik qilmadik bir dam,
Bo‘g‘zimizda qotsa-da bu g‘am,
Ko‘nglimizni saqladik tohir,
Bulg'amadik, Muhammad Qodir!
Haq yo‘lida o‘zdan kechsak jim,
Bu isyonni anglamas hech kim.
Dor ostida tursak ham sobir,
Titramasmiz, Muhammad Qodir!
Yelkamizda yozilmay savob,
Yashayversak chekmay iztirob,
Mahshar kuni so‘rasa Qodir,
Nima deymiz, Muhammad Qodir?!
A. Mo'minov