Erkakning eng katta jangi tashqarida kechmaydi. Uning ichida kechadi.
Bir tomonda o'z xohishi. Ikkinchi tomonda esa yaqinlarining xohishi. U aynan shu ikki olov orasida qoladi.
Yaqinlarimiz qanchalik aziz bo'lmasin, ular ham inson. Ba'zan hissiyot bilan qaror qiladi. Ba'zan adashadi. Ba'zan vaziyatni to'liq ko'ra olmaydi.
Shunday paytda erkak nima qiladi?
"Bu safar adashyapsiz", deydimi?
Ko'p hollarda yo'q. Chunki u yaqinini xafa qilishni istamaydi. Shuning uchun sukutni tanlaydi. Shikoyat qilmaydi. Ayblamaydi. Faqat ichiga yutadi.
"Bugun bormay qo'ya qolinglar."
"Buni keyin qilasizlar."
"Shunday qilganingiz ma'qul."
Bu gaplar ko'pincha mehrdan tug'iladi. Lekin me'yoridan oshgan mehrning boshqa nomi nazoratdir. Nazorat ostidagi erkak esa o'zini baxtsiz his qila boshlaydi, Shu paytdan boshlab halovat asta sekin kamayishni boshlaydi.
Eng oddiy istak ham izoh yoki rozilik talab qiladigan masalaga aylansa, erkak o'z uyida erkin emasligini his qiladi. U buni hech kimga aytmaydi. Na onasiga. Na ayoliga. Na do'stiga.
Har bir aytilmagan e'tiroz qalbida qoladi. Har bir yutilgan og'riq ichida yig'iladi. Sukut erkakni bir kunda sindirmaydi. U tomchilab ishlaydi. Yildan yilga. Avval ko'zidagi chaqnash so'nadi. Keyin uydagi suhbati kamayadi. Keyin esa orzulari ham sukutga cho'kadi.
Tashqaridan qaraganda esa hammasi joyida. U ishlaydi. Mas'uliyatini bajaradi. Kuladi. Hech kim hech narsani sezmaydi. Lekin tili sukut saqlagan joyda qalbi sukut saqlamaydi. Chunki inson halovatsiz yashay olmaydi. Qalb baribir halovat izlaydi.
Agar uni o'z uyida topa olmasa, uni boshqa joydan izlay boshlaydi. O'sha yo'llar har doim ham to'g'ri bo'lavermaydi. Ammo ko'p xatolar yomon niyatdan emas. Uzoq vaqt davom etgan halovatsizlikdan boshlanadi.
Ko'pchilik faqat oxirgi qarorni ko'radi. Lekin o'sha qarorning ortida yillar davomida aytilmagan e'tirozlar, ichga yutilgan dard va tomchilab so'ngan halovat yotganini ko'rmaydi.
61
20
16July 27, 2026 5.7K 2 57