Nilufar, men biznes, ishlar bilan band bo‘lsam ham, ko‘nglim tinch — chunki uyimda sendek farishta ayolim bor. Ota-onamni o‘zingnikidek ko‘rib xizmat qilayotganing meni juda quvontiradi. Doim esingda bo’lsin, ularning har bir duosi bizning orzularimizga yo‘l ochadi. Sen ularni rozi qilsang, men seni yanada ko‘proq xursand qilishga harakat qilaman va har doim mehr beraman.
Nilufar, har bir narsaning o‘z vaqti borligini bilaman. Alloh biz uchun eng chiroyli taqdirni yozganiga ishonaman. Hali uyimizda quvonchli ovozlar, shirin kulgular jaranglaydigan kunlar keladi. Biz o‘sha kunlarga asta-sekin yaqinlashyapmiz. Har bir kunimiz — o‘sha baxtga olib borayotgan bir qadam. Ishon, oldinda bizni juda go‘zal lahzalar kutyapti.
Nilufar, hozirgi sokinlikdagi suhbatlarimizni yaxshilab eslab qolaylik, chunki yaqinda uyimiz shovqinsiz bo‘lmay qoladi. Kichkina qadamlar tovushi, yoyilgan o‘yinchoqlar, sababsiz kulgular — hammasi o‘z o‘rnini egallaydi. Biz esa ba’zan charchab, baribir kulib turib, birinchi bor “oyi-ada” degan so’zlarni eshitib hammasini unutamiz. O‘sha mayda lahzalar kunimizni to‘ldiradi. Va ochig‘i, sen juda mehribon ona, lekin tartibni ham qo‘ldan bermaydigan ayol bo’lasan.
Nilufar, seni kayfiyating yaxshi bo‘lsa, men hamma ishni uddalay oladigandek bo‘laman. Chunki sen menga hotirjamlik ham, motivatsiya ham berasan. Ba’zan oddiy “ehtiyot bo‘ling” degan gaping ham kunimni yaxshi qilib yuboradi. O‘zing sezmayapsan, lekin sen mening eng yaxshi energiyamsan. Shu uchun seni asrab, erkalatib yurgim keladi jonim.
Nilufar, ba’zan telefonimga xabaring kelishi bilan kayfiyatim ko‘tarilib ketadi. Keyin o‘zimga “bo‘ldi, ayolim meni haqiqiy quvonchim” deb kulaman. Sen oddiy gap bilan ham odamni xursand qila olasan. Shu uchun sen bilan hayot juda yengil tuyuladi. Men esa bu hissiyot hech qachon yo‘qolmasligini xohlayman.
Nilufar, rostini aytsam, sen bilan uyga qaytgim keladi. Chunki uyda meni tushunadigan, kuldiradigan, kayfiyatimni joyiga qo‘yadigan inson bor. Sen bilan hatto jim o‘tirish ham yoqimli. Va bilasanmi eng qizig‘ini? Men hali seni bundan ham ko‘proq baxtli qilishni rejalashtirib qo‘yganman.
Nilufar, hali birga qiladigan sayohatlarimiz eng qiziq joyiga ham yetgani yo‘q. Hozir ikkimiz reja qilamiz, keyin esa yonimizda mitti hamrohlar bilan yo‘lga chiqamiz. Mashinada kulgi, shovqin, “yana qachon yetamiz?” degan savollar ko‘payadi. Men esa orqaga qarab, shu manzara uchun Allohga shukr qilaman. Eng chiroyli safarlarimiz hali oldinda.
Nilufar, bir kuni tog‘li joylarga chiqamiz. Sovuq havoda issiq choy ichib, yonimizda farzandlarimiz yugurib yuradi. Sen esa ularni kiyintirib, ortidan xavotir bo‘lib qarab turasan. Men esa shu manzarani ko‘rib, hayot aslida shunday oddiy baxtlardan iborat ekanini his qilaman. Hali biz bunaqa xotiralarni juda ko‘p yig‘amiz.
Nilufar, hali aeroportlarda bir-birimizni kutib yuradigan kunlar ham bo‘ladi. Yonimizda esa kichkina pasport ushlab olgan mitti sayohatchilarimiz bo‘ladi. Sen ularni tartibga solishga urinib charchaysan, men esa sengga ham yordam beraman, ham ustingdan kulib turaman. Lekin ichimizda katta xotirjamlik bo‘ladi. Chunki biz orzu qilgan oilaviy lahzalarni yashayotgan bo‘lamiz.
Nilufar, kel bir narsani qo‘ldan boy bermaylik — duo qilishni. Men ishonaman, Allohdan chin qalb bilan so‘ralgan narsa bir kun albatta keladi. Tahajjudlarda, zikrlarimizda, qilayotgan yaxshiliklarimizda biz uchun katta hikmatlar bor. Balki aynan shu amallar oilamizga eng chiroyli ne’matlarni olib kelar. Men ish bilan ba’zan chalg‘ib ketaman, shunday payt meni ham ibodatga chorlab tur. Chunki bu yo‘lda birga yurishimni xohlayman.