Tilni sevish, uni ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan tengdir. Har bir xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati uning tilida o‘z ifodasini topadi.
Biron so‘z san’atkori yo‘qki, til, so‘z, nutqqa e’tibor qilmagan bo‘lsa.
Hazrat Navoiy:
«So‘z kelib avvalu jahon so‘ngra,
Ne jahonki kavn ila makon so‘ngra», deb bejizga aytmaganlar.
Til va so‘zning sehrini unga mehr qo‘yganlar yaxshi anglashadi.
Turk dunyosining buyuk ma’rifatparvarlaridan biri Ismoilbek Gaspirali o‘z bitiklarida: «Millatning ikki asosi bordur. Bu ularning tili va dinidur. Agar millat hayotidan shu ikkisidan biri sug‘urib olinsa, bu millat tanazzulga yuz tutur», deya yozib qoldirgan.
Turkiy tillar oilasiga mansub o‘zbek tili taxminan 5- asrlarda o‘rxun-enasoy bitiklariga borib taqaladi. Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘otit-turk» asari turkiy tillar tarixi, shu qatorda o‘zbek tilshunosligi uchun ham muhim manba sanaladi.
Yurtimizda 1989-yil 21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuni qabul qilindi.
Dunyoda 5600 dan ortiq tillar mavjud bo‘lib, bulardan taxminan 200 tasigina davlat tili maqomida va ular orasida o‘zbek tili ham bor.
Biz o‘z ona-tilimizni asrab-avaylashimiz, uning nufuzini yanada oshirishimiz, go‘zal va sofligini avlodlarga meros sifatida qoldirishimiz, dunyoga tanitishda o‘z hissamizni qo‘shishimiz lozimdir.
Barchangizga O‘zbek tili bayrami muborak bo‘lsin!












