Mustaqillik — taraqqiyot va yangi marralar poydevori
Hurmatli yurtdoshlar, aziz soha faxriylari, qadrli hamkasblar va “O‘zbekneftgaz” AJning ko‘p ming sonli mehnat jamoasi!
Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yillik ayyomi bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Mustaqillik — bu, avvalo, o‘z taqdirimiz va kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan bunyod etish uchun berilgan buyuk imkoniyatdir. Ana shu ulug‘ ne’mat tufayli o‘tgan 35 yil mamlakatimiz hayotida tub o‘zgarishlar, keng ko‘lamli yangilanishlar va yuksalishlar davri bo‘ldi. Bugun erishilayotgan har bir natija, har bir muvaffaqiyat Vatan mustaqilligi bergan imkoniyatlar samarasidir.
Bu, ayniqsa, energetika, jumladan neft va gaz sohasida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Qisqa raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, joriy yilning dastlabki 8 oyida tizimda 35,2 trln so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarilib, o‘sish sur’ati 104,8 foizni tashkil etdi. 15,1 mlrd kub metr tabiiy gaz va 798 ming tonna suyuq uglevodorod qazib chiqarildi. 3 mln tonnadan ortiq tayyor mahsulot ishlab chiqarildi. Bu raqamlar ortida hech shubhasiz aytish mumkinki, sahro va konlarda, burg‘ilash maydonlari va zavodlarda kechayu kunduz mehnat qilayotgan minglab insonlarning mashaqqatli mehnati mujassam.
Shu davrda 658 mln dollar investitsiya o‘zlashtirildi, 615,2 mln dollarlik mahsulot eksport qilindi. Davlat budjetiga 5,5 trln so‘m to‘lovlar amalga oshirildi. Sof foyda 5,6 trln so‘mga yetdi. Geologiya-qidiruv ishlari yanada kengaytirilib, 6 210 kvadrat kilometr hududda 3D seysmik qidiruv bajarildi, yangi istiqbolli konlar ochildi. Bu natijalar mamlakat energetik xavfsizligini mustahkamlash va iqtisodiyotimizning barqaror rivojiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Eng muhimi, taraqqiyot inson qadri bilan uyg‘un bo‘lishi kerak. Shu maqsadda xodimlarimizning ijtimoiy himoyasiga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Joriy yilda ish haqi 20 foizga oshirildi, bepul issiq ovqat, imtiyozli pensiya, bayram mukofotlari, zamonaviy avtobuslar va yotoqxonalarni yaxshilash kabi ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari amalga oshirilmoqda.
Oldimizda yanada katta maqsadlar turganini mamnuniyat bilan tiliga olmoqchiman. Tarmoqni raqamlashtirish, zamonaviy va yashil texnologiyalarni joriy etish, qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish, yangi konlarni o‘zlashtirish va har bir xodim uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlov yo‘lidagi ishlarimizni izchil davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, Vatan energetik xavfsizligini ta’minlashdek sharafli va mas’uliyatli vazifani sidqidildan bajarayotgan Siz azizlarni, muhandislar, geologlar, burg‘ilovchilar va barcha ishchi-xodimlar hamda soha faxriylariga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xonadonlarimiz fayzu barakaga to‘lsin.
Mustaqil O‘zbekistonimizning taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz energetik qudratini yanada yuksaltirish yo‘lida barchamizga yangi kuch, g‘ayrat va ulkan zafarlar yor bo‘lsin!
Hurmat bilan,
“O‘zbekneftgaz” AJ
Boshqaruvi raisi
Abdug‘ani Sanginov
Forwarded fromUzbekneftgaz | Расмий канал

4September 1, 2026 427 1