Meni hech kim tushunmadi otamday! Tashvishlardan chiqolmasdan… — ✍️Farhod Moʻmin — TG.ME

Meni hech kim tushunmadi otamday!


Tashvishlardan chiqolmasdan qolganimda
Dunyo bo'ldi ko'zlarimga motamday
O'ylayverib adoy tamom bo'lganimda
Meni hech kim tushunmadi otamday

Ne kunlarni koʻrmadi bu yigit boshim
Hatto meni tushunmadi yostiqdoshim
Yuragimni yuvib ketsa achchiq yoshim
Meni hech kim tushunmadi otamday

Boʻyingacha qarzga botib ketgan kunda
Hayot zarbi meni taslim etgan kunda
Pichoq borib suyakkacha yetgan kunda
Meni hech kim tushunmadi otamday

Pul yoʻgʻida sotib ketdi qancha ulfat
Boshginamga tushib qolsa biroz kulfat
Yonginamda bitta oʻzi qolib faqat
Meni hech kim tushunmadi otamday

Boʻldi endi koʻp siqilma, yetar deya
Bu sinovlar bir kelib bir ketar deya
Men bormanku bolam boshing koʻtar deya
Meni hech kim tushunmadi otamday

Hali hamon yopib yurar kamu koʻstim
Otam bor deb gʻam tashvishni bilmay oʻsdim
Bu dunyoda bittagina sodiq doʻstim
Meni hech kim tushunmadi otamday

Duo qilsa boshginamdan urmas chaqin
Balolarning hech bittasi kelmas yaqin
Nima boʻlsa menga tutib yashar tagʻin
Meni hech kim tushunmadi otamday

Bu dunyoda hech bir narsa boʻlmas tekin
Ota mehri bunga aloqasiz lekin
Arslon oʻgʻlim deya boshim silab sekin
Meni hech kim tushunmadi otamday.

+998906783795
+998996683795.

(Mualliflik huquqi bilan himoyalangan)

Farhod Moʻmin. 23.07.2026 yil.
August 29, 2026 109 2