Bolalikka qaytib boʻlmaydi!
Yurakka toʻlganda ming jabru stam
Barchasin birma bir aytib boʻlmaydi
Bugun hammasidan qilgani alam
Endi bolalikka qaytib boʻlmaydi
Eski xotiralar koʻzim oʻngida
Biri boshlanadi, biri soʻngida
Yutqazib umring katta jangida
Endi bolalikka qaytib boʻlmaydi
Koʻngil loy tomlarni qumsaydi hamon
Ketgim kelaverar chang koʻcha tomon
Nima qilay axir, sogʻindim yomon
Endi bolalikka qaytib boʻlmaydi
Esimda onamning yopgan nonlari
Begʻubor qishloqning sokin tonglari
Nahot qaytib kelmas oʻshal onlari
Endi bolalikka qaytib boʻlmaydi
Yolgʻon boʻlmas edi aytgan rostlarim
Otam toʻldirgandi kamu koʻstlarim
Oʻzimdek begʻubor, sodda doʻstlarim
Endi bolalikka qaytib boʻlmaydi
Yillar oʻtib ketgan karvon ekanda
Kimga bir umrlik armon ekanda
Yoshlik eng sabrsiz mehmon ekanda
Endi bolalikka qaytib boʻlmaydi
Sogʻinchlar har damda yurak siqadi
Suvdan olib yana oʻtga tiqadi
Hatto tushlarimga kirib chiqadi
Endi bolalikka qaytib boʻlmaydi
Tovlanib olmalar oqardi soyda
Tovondan boshgacha belanib loyda
Qanchalik hohlasam, shuncha befoyda
Endi bolalikka qaytib boʻlmaydi.
+998906783795
+998996683795.
(Mualliflik huquqi bilan himoyalangan)
Farhod Moʻmin. 25.07.2026 yil.
August 31, 2026 69