Yangi "elektron retsept" tizimi yohud tibbiyotimizdagi inqilobiy o'zgarishlar (by ET)
Siyosatga aralashishni yoqtirmasamda doktor sifatida tibbiyot sohasidagi oxirgi bo'layotgan voqealarga munosabat bildirish va xalqimizga to'g'ri tushuncha berishni burchim deb topdim
Xabaringiz bor 12-dekabrdan boshlab Dmed elektron retsept tizimi ishga tushurildi. Bunga ko'ra shifokorlar endilikda dori vositalarini elektron retsept tizimiga kiritadi va dorini qabul qilib olish uchun bemorga ID yoki QR kodli retseptni taqdim etadi. Tizimga kiritilgan malumotlar avtomatik ravishda barcha dorixonalarga uzatiladi.
"Duxtr bu tizim ham xalqni qiynash uchun ishlab chiqarilgandirda, bizga nima foyda bundan?" deyishingiz mumkin, quyida tizimning ustunliklari va ayrim kamchiliklari haqida shaxsiy fikrlarimni aytib o'tmoqchiman: (ET)
1) Dmed yagona tibbiy axborot tizimi bo'lganligi sababli, tizimga kiritilgan ma'lumotlarga ham shifokor ham bemorlar osonlik bilan kirish imkoniyatiga ega bo'ladilar, tibbiy ma'lumotlaringiz (anamnez, kasallik tarixi, analiz va tekshiruvlar, diagnozlar, dorilar va hk) tizimda doimiy saqlanadi va ularni tushunish anchagina yengillashadi (oyoqda yozilgan retseptlardan farqli o'laroq).
2) Doktorlar retsept yozayotganda sotuvdagi dori nomini emas, uning asosiy tarkibiy qismini yozishadi, buni xalqimiz uchun qanday foydasi bor deyishingiz mumkin, oxirgi yillarda afsuski dori kompaniyalari bilan doktorlar o'rtasida moddiy va boshqa manfaatlar evaziga kelishuv ko'paygandi, yangi tizimda esa bunga mutlaqo chek qo'yildi, chunki retseptda dorining sotuvdagi nomi emas tarkibigina ko'rsatiladi (shu yerda etiborga olinishi kerak bo'lgan va yuzaga kelishi mumkin bo'lgan novbatdagi muammo dori kompaniyalarining dorixona hodimlari bilan manfaatlar evaziga til biriktirishi bo'lishi mumkin)
3) O'z boshimchalik bilan (qo'shni Qumri hola tavsiyasiga ko'ra) dori qabul qilinishini va uning yuzaga keltiradigan salbiy oqibatlarini oldini olishi mumkin, xalqimiz dorilarni ovqatdek istemol qilinadigan hozirgi paytda bu ideal yechim deb hisoblayman!
4) Dorilarni doktor tavsiyasiga ko'ra emas, ko'r ko'rona farmasevt tavsiyasiga ko'ra qabul qilinishi oldi olinadi. Bu ham eng katta muammolardan biri edi, chunki birinchidan bemorga doim ham yuqori malakali farmasevt to'g'ri kelmaydi (odatda dorixonalarda tajribasiz med institut talabalari ishlashadi), ikkinchidan bemor holatini to'liq tushunish uchun albatta kasallik tarixini batafsil o'rganib chiqilishi va tekshiruvlar o'tkazish talab etiladi.
Foydali jihatlar juda ko'p, ularni tizim ishlash davomida sekinlik bilan ko'rib boraverasiz...
Tizim albatta kamchiliklardan holi emas. Etiborimni tortgan kamchilik bu surunkali kasalliklarga ega bemorlarda dorilarni dorixonadan sotib olinishi. Masalan doktor bemorga L-tiroksin preparatini doimiy (butun umr) ichib yurishi kerakligini tayinladi va retsept yozib berdi, doimiy ichiladigan doza belgilab olindi, bemor har safar dori sotib olish uchun doktorga borish kerakmi?
Bunday kamchliliklar va yuzaga kelishi mumkin bo'lgan muammolar yetarlicha ko'p, umid qilamanki tez orada bularga yechim topiladi
Xalqimizning yangi tizimga bildiradigan salbiy fikrlarini to'g'ri tushunaman, yangilikni qabul qilish har doim qiyin, kimlar uchundir (ham bemor ham doktor) tizim noqulayliklar keltirib chiqarayotgani tabiiy va buni shaxsan inqilobdagi normal o'tish davri deb hisoblayman. Umuman olganda xalqimiz yangi tizimning aynan ularning foydalari uchun qilinayotganligi va yaqin kelajakda juda katta ijobiy tasir qilishi mumkinligini ongli ravishda tushunishlari, tezroq moslashishlari va mavjud muammolarga birgalikda yechim topishga harakat qilishlari lozim deb o'ylayman
Yuqoridagi barcha fikrlar subyektiv bo'lib, fikri ojizim bo'yicha yozilgan xulosalar xolos!
Hissiyotlarga berilmagan holda tafakkur qilib aytingchi, yangi tizim xalqimiz uchun foydali bo'lishi mumkinmi? Tizimda yana qanday ijobiy va salbiy tomonlarni ko'ryapsiz hamda mavjud muammolarga qanday takliflar bergan bo'lardingiz?
Maqola muallifi: Endokrinolog Xusan Ilxomovich
Manba: @endotalim