“1-oktyabr – O'qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan beriladigan mukofot pulidan daromad solig‘i ushlanadimi?
Savol:
Assalomu alaykum xayrli kun, o‘qituvchilar bayrami munosabati bn, beriladigan mukofot pulidan daromat solig‘i ushlanadimi?Eng kam ish haqining 75 foizigacha deyilgan, Plastik kartaga qancha pul tushishi kk.
JAVOB:
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentabrdagi 823-son qarori 1-ilovasi bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 29-bandiga ko‘ra, maktab xodimlari “1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 75 foizigacha mukofotlanishi mumkin.
❗️Soliq kodeksining 369-moddasi 1-bandiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining qarori asosida bir yo‘la beriladigan pul mukofoti jismoniy shaxsning jami daromadi tarkibiga kiritilmaydi.
Shu sababli, agar mukofot maktab direktorining buyrug‘ida aynan 823-son qarorning 1-ilovasi 29-bandi asosida 1-oktyabr munosabati bilan beriladigan bir yo‘la mukofot sifatida rasmiylashtirilgan bo‘lsa, undan 12 foizlik daromad solig‘i ushlanmasligi kerak.
Amaldagi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 360 000 so‘m bo‘lsa, mukofotning eng yuqori miqdori:
1 360 000 × 75% = 1 020 000 so‘mni tashkil etadi.
Demak, boshqa qonuniy ushlanmalar bo‘lmasa, plastik kartaga 1 020 000 so‘m to‘liq tushishi kerak. Biroq 75 foiz majburiy miqdor emas, eng yuqori chegara hisoblanadi. Aniq mukofot miqdori direktor jamg‘armasidagi mavjud mablag‘lardan kelib chiqib belgilanadi. Oddiy mehnat natijalari uchun ichki mukofotlash tartibi asosida beriladigan boshqa mukofotlarga esa ushbu imtiyoz tatbiq etilmaydi va ulardan daromad solig‘i ushlanadi.
eMaktabuz
📙https://t.me/kundalikbuxoro
📗https://t.me/emaktabuz
September 20, 2026 166 2