Jondorda PQ-1 qarori ijrosi doirasida jinoyatchilikning barvaqt… — Buxoro IIB | Rasmiy kanal — TG.ME

Jondorda PQ-1 qarori ijrosi doirasida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va aholi bandligini ta'minlash masalalari tahlil qilindi
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Jondor tumanida bo'lib, Davlatimiz rahbarining PQ-1 sonli qarori doirasida hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, xavfsiz muhitni yaratish hamda ishsizlikni bartaraf etish masalalarini tanqidiy-tahliliy o'rgandi. O'rganishlar davomida aholi bandligini ta'minlash ijtimoiy-kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishning eng asosiy omili ekanligiga e'tibor qaratildi.

O'tkazilgan yig'ilishda huquqbuzarliklarning yuzaga kelishiga sabab bo'luvchi asosiy omil — ishsizlikni qisqartirish masalasida bank va bandlik idoralari faoliyati muhokama qilindi. Jinoyatchilikning oldini olish maqsadida ishsiz fuqarolar va oliygoh bitiruvchilarini kasb-hunarga o'qitish, ularni kredit va subsidiyalar orqali barqaror daromad manbaiga ega qilish bo'yicha mas'ullarga qat'iy vazifalar yuklatildi. Qog'ozdagi hisobotlardan voz kechib, har bir oila bilan aniq "xonadonbay" ishlash jamoat xavfsizligining kafolati ekanligi ta'kidlandi.

Xotin-qizlar o'rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishning samarali amaliyoti "Ushot" mahallasi misolida ko'rib chiqildi. Bu yerda 150 dan ziyod xotin-qizlarni qamrab olgan "Hunarmand, tadbirkor xotin-qizlar markazi" tashkil etilgani ehtiyojmand oilalarni halol mehnatga yo'naltirishda muhim qadam bo'ldi. Shuningdek, mahalladagi og'ir sharoitda yashayotgan va kambag'allik yoqasida turgan oilalarga subsidiyalar ajratilishi hamda ijtimoiy muhofazaga olinishi orqali hududda jinoyatchilik sodir etilishining oldi olinmoqda.

Hududlar infratuzilmasini yaxshilash va jamoat xavfsizligini ta'minlash maqsadida "Bahoriston", "Nurafshon" hamda "Obod" mahallalarida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdimoti o'tkazildi. Mazkur mahallalarda ko'plab yangi ish o'rinlari yaratilishi bilan bir qatorda, ko'chalarda tungi yoritish chiroqlari o'rnatilishi va piyodalar yo'laklari barpo etilishi ko'zda tutilgan. Bu o'z navbatida, hududlarda qorong'i va qarovsiz joylarni yo'qotib, fuqarolar uchun xavfsiz va obod muhitni yaratishga xizmat qiladi.

Yig'ilish yakunida barcha mutasaddilar hamda huquq-tartibot idoralari vakillariga ijtimoiy reyestrdagi oilalar bilan manzilli ishlash, yaratilayotgan yuzlab yangi ish o'rinlariga aynan ishsiz yoshlarni joylashtirish orqali tumanni jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish bo'yicha aniq topshiriqlar berildi.

🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube
September 8, 2026 1.5K 7