Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligida Peshku tumanida aholi bandligini ta'minlash va ishsizlikni bartaraf etish orqali jinoyatchilikning barvaqt oldini olish hamda hududda xavfsiz muhitni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Tuman bo'ylab o'tkazilgan "xonadonbay" xatlov natijalari ijtimoiy-kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishdagi asosiy vazifalarni belgilab berdi.
O'rganishlar davomida 3 ming 107 nafar ishsiz hamda ijtimoiy reyestrga kiritilgan fuqarolarning talab va istaklari aniqlandi. Ishsizlik huquqbuzarliklar sodir etilishiga olib keluvchi asosiy omillardan biri ekanligini inobatga olib, 2 ming 449 nafar fuqaroni o'zini o'zi band qilish, 227 nafarini doimiy ishga joylashtirish va qolganlarini kasb-hunarga o'qitish hamda kredit-subsidiya asosida qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari ko'rildi. Bu fuqarolarni halol mehnatga yo'naltirish orqali ularning jinoyat ko'chasiga kirib qolishining oldini olishga xizmat qiladi.
Hududda ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash maqsadida mavjud barcha iqtisodiy resurslar safarbar etilmoqda. Tadbirkorlikni rivojlantirish va mahalla loyihalari uchun qariyb 38 milliard so'm mablag' yo'naltirilishi ko'zda tutilgan. Shuningdek, tumandagi 96 ta korxonada mavjud 402 ta vakant ish o'rniga ish izlayotgan fuqarolarni joylashtirish va ularni 27 turdagi kasb-hunar kurslariga qamrab olish ishlari olib borilmoqda.
Yig'ilish yakunida viloyat rahbari tomonidan mas'ul idoralar hamda huquq-tartibot organlari vakillariga qat'iy topshiriqlar berildi. Har bir ishsiz fuqaro bilan manzilli ishlash, ularni daromad manbai bilan ta'minlash orqali oilalar farovonligini oshirish hamda tumanni huquqbuzarlik va jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish ishlari ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.
🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube






