Buxoro IIB | Rasmiy kanal: #123602-post — TG.ME

Shofirkonda PQ-1 qarori ijrosi: jinoyatchilikning oldini olish va aholi bandligini ta'minlash chora-tadbirlari o'rganildi
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi mas'ullar Shofirkon tumanida bo'lib, Davlatimiz rahbarining PQ-1 sonli qarori doirasida hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, xavfsiz muhitni yaratish hamda aholini kambag'allikdan chiqarish borasidagi ishlar bilan tanishdi. Tuman mas'ullari va mahalla yettiligi ishtirokidagi o'rganishlarda asosiy e'tibor ishsizlikni bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratildi.

Hududlarda xavfsizlikni ta'minlash maqsadida tuman markaziy dehqon bozori faoliyati, xususan, yong'in va sanitariya qoidalariga rioya etilishi ko'zdan kechirildi. Bozor avtoturargohi to'liq raqamlashtirilganligi fuqarolar mulki daxlsizligini ta'minlash hamda avtomashinalar bilan bog'liq o'g'riliklarning oldini olishda muhim qadam bo'lganligi e'tirof etildi.

Aholi, ayniqsa, yoshlar va mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar bandligini ta'minlash jamoat xavfsizligining eng asosiy zamini hisoblanadi. Shu maqsadda, "Do'rman" mahallasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga qoramol va ixcham issiqxonalar berish orqali ularni halol mehnatga yo'naltirish choralari ko'rildi. Shuningdek, mahalladagi qarovsiz qolgan to'rt gektarlik sobiq pilla maskani o'rnida tikuvchilik fabrikasi barpo etilishi belgilandi. Bu tashabbus hududda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan kriminogen holatlarning oldini olib, xotin-qizlar uchun yangi ish o'rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash maqsadida "Nozim Sardor chorva" fermer xo'jaligi hamda "Elshod qurilish servis" mas'uliyati cheklangan jamiyatining yangi loyihalari o'rganildi. Ushbu ob'yektlarda ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga yuzdan ortiq yangi ish o'rinlari yaratilishi hudud xavfsizligi va aholi farovonligining kafolati ekanligi ta'kidlandi. Yakunda huquq-tartibot idoralari va mutasaddilarga jinoyatchilikka qarshi kurashishni hududlardagi oilalar bilan aniq manzilli ishlash tizimida tashkil etish bo'yicha qat'iy topshiriqlar berildi.

🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube
September 5, 2026 3.4K 3