Buxorolik 103 yoshli faxriyga "O'zbekiston Respublikasi… — Buxoro IIB | Rasmiy kanal — TG.ME

Buxorolik 103 yoshli faxriyga "O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishoni topshirildi
O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yillik tadbirlari doirasida yurtimiz bo'ylab tinchlik va osoyishtalik yo'lida fidoikorona xizmat qilgan faxriylarimizga alohida e'tibor hamda yuksak ehtirom ko'rsatilmoqda. Ana shunday shukuhli tadbirlardan biri Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, ichki ishlar organlari faxriysi, iste'fodagi mayor 103 yoshli Axmed Muxsinov xonadonida bo'lib o'tdi. Tantanali yo'qlovda Buxoro viloyati IIB boshlig'i o'rinbosari – Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash xizmati boshlig‘i hamda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining maslahatchisi ishtirok etishdi.

Mutasaddilar asr bilan yuzlashgan qahramonimizni ulug' istiqlol ayyomi bilan samimiy qutlab, yurt osudaligi va el farovonligiga qo'shgan beqiyos hissasi uchun chuqur minnatdorlik bildirishdi. Tadbirning eng hayajonli lahzasida faxriy otaxonga davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq ta'sis etilgan "O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi" esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Ko'rsatilgan yuksak e'tibor va g'amxo'rlikdan ko'ngli tog'dek ko'tarilgan Ahmed ota yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik, osoyishtalik posbonlariga esa mashaqqatli xizmatlarida zafarlar tilab duolar qildi.

Bugungi kunda farzandlari ardog'ida baxtli keksalar qatorida umrguzaronlik qilayotgan faxriymizning hayoti yosh avlod uchun chinakam vatanparvarlik va matonat maktabidir. Bunday yo'qlovlar el-yurt tinchligi yo'lida xizmat qilgan insonlarga ko'rsatilayotgan ehtiromning yaqqol ifodasidir.

🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube
September 3, 2026 4.5K 17