Bugun ukam bilan opamni kuzatdik…
Ertalab meni ko‘rgani kelishdi, quchoqlashdik, suhbatlashdik va xayrlashdik. Opam yana Koreyaga uchib ketdilar. Ukam esa hayotidagi eng katta qadamlardan birini tashlab, Saudiya Arabistoniga 5 yillik PhD dasturini o‘qish uchun jo‘nab ketdi.
Rostini aytsam, juda qattiq yig‘ladim…
Go‘yo ukam o‘qishga emas, urushga ketayotgandek tuyuldi. Chunki chet elda o‘qishning qanday sinov ekanini faqat shu yo‘ldan o‘tganlar chin dildan tushunadi.
Yangi muhit. Yangi til. Yangi ta’lim tizimi. Adaptatsiya. Vatan sog‘inchi. Stress. Ba’zida tushkunlik. Ba’zida hammasini tashlab qaytging keladigan kunlar… Insonni parcha-parcha qilib, keyin yana qaytadan yig‘adigan jarayon bu.
Lekin aynan mana shu sinovlar insonni chiniqtiradi.
Jonim ukam… Alloh seni O‘z panohida asrasin. Ilmingni ziyoda qilsin. Har bir qiyinchilikni yengib o‘tishni nasib qilsin. Sog‘-salomat o‘qishingni tamomlab, PhD darajasini olib, Vatanimizga qaytib, ilm-fani va taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan olimlardan bo‘lgin.
Men sen bilan juda faxrlanaman. ❤️
Bugun yana bir narsani his qildim: ota-onalar farzandini chet elga kuzatayotganda qanday og‘ir hislarni boshdan kechirishini… Ular tabassum qiladi, duo qiladi, lekin yuragining bir bo‘lagi samolyot bilan birga uchib ketadi.
Alloh ilm izlab yo‘lga chiqqan barcha yurtdoshlarimizni O‘z hifzida asrasin. Ularning ilmiga baraka bersin va bir kun yurtimizga qaytib, xalqimizga manfaat keltiradigan insonlardan qilsin. 🤲
@bintunozim