Arafa kuni!
Quyosh Arafa kunidan ham yaxshiroq kunda nur taratmaydi va Qadr kechasidan ham afzalroq kechada botmaydi. U ikkisida qilingan duo eng afzal, qabul va ijobat bo‘lishga eng yaqin amallardandir.
Jannat yaqinroq bo‘lib, do‘zax uzoqroq bo‘lishi Arafa kunidadir. O‘zini do‘zaxdan qutqarish uchun bironta amal topmagan kimsa haqiqiy baxtsiz kimsadir. Rasulullohﷺ: «Arafa kunichalik Alloh bandalarini do‘zaxdan ko‘proq ozod qiladigan kun yo‘q”, dedilar.
Arafa kuni ro‘zasi ikki yillik gunohlarga kafforot bo‘ladi. Rasulullohﷺaytdilar: «Arafa kunining ro‘zasi o‘tgan va kelasi yilgi (kichik) gunohlarga kafforat bo‘lishini Allohdan umid qilaman”. (Muslim rivoyati)
Arafa kunida vuquf va ro‘zadan keyingi eng afzal amal duo va zikrlar bilan mashg‘ul bo‘lishdir. Kishi dunyo va oxirat yaxshiliklarini jamlovchi duolarni qilaveradi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Duolarning eng afzali Arafa kunidagi duodir. Men va mendan oldingi Payg‘ambarlar aytgan duoning eng afzali: “La ilaha illallohu vahdahu la shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shay’in qodiyr” - dedilar. (Termiziy rivoyati)
Hajga bormagan kishilar Arafa kunining ro‘zasini tutishlari hamda kunlarini g‘animat bilib, duo, zikr va Qur’on tilovati bilan mashg‘ul bo‘lishlari kerak. Ibn Abbos va Amr ibn Harislar odamlarni masjidda ko‘proq o‘tirishga targ‘ib etishardi.
Muqayad takbir Arafa kunining bomdod namozidan keyin boshlanib, tashriq kunlarining oxiri 13-Zulhijjada, asr namozidan keyin tugaydi. Takbirning eng sahih siyg‘asi: «Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar kabiro”
Alloh taolo faqat buyuk onlardagina dunyo osmoniga nozil bo‘ladi. Alloh taoloning kunduzi nozil bo‘lishi xabarlarda sobit bo‘lmagan, faqat Arafa kuni bundan mustasno. Zotan, Uning rahmat eshigi bu kundagidan ko‘ra kengroq bo‘lmaydi. Bu eshikdan kirishga imkon topolmagan kishi haqiqiy mahrumdir.