TANAZZULGA YAQINLASHGAN XALQ
Bugun jamiyatimizda bir qarashda hamma narsa joyida: ziyolilar ham tilga olinadi, ularga ham e’tibor beriladi, ayrim hollarda hatto mukofot va unvonlar ham taqdim etiladi. Ammo bu e’tibor bilan sportchilar, otarchilar, laparchilar yoki sahna masxarabozlariga berilayotgan e’tibor o‘rtasida yer bilan osmon qadar tafovut bor. Olimning yillab qilgan izlanishlari, o‘qituvchining minglab shogirdlarga singdirgan bilimi, yozuvchining xalq ruhiyatiga solgan og‘ir mehnati ko‘pincha birgina sport musobaqasida yutgan medal yoki sahnada qilingan bir kulguli chiqish darajasida qadrlanmaydi. Bu farq oddiy ko‘z bilan ham ko‘rinib turadi, ayniqsa xalqning kimni ko‘proq tanishi va ibrat bilishida yaqqol seziladi.
Xalq bugun tobora maishiy muammolar girdobida. Ishsizlik, narx-navoning oshishi, uy-joy, transport, sog‘liqni saqlash kabi og‘ir masalalar odamlarni o‘ylantirayotgan bir paytda, televideniye va matbuot ularning ongiga ko‘ngilochar maydonlarni qahramon qilib ko‘rsatmoqda. Natijada odamlar o‘zini ularga qiyoslashga urinadi: kimdir hashamatli mashina olishni, kimdir dabdabali to‘y qilishni, kimdir kazo-kazo vallomatlarning tutumini qilishni orzu qiladi. Bu orzu-yu havas ortida esa hayotning real muammolari unutiladi, ularni hal qilishga kuch va iroda topilmaydi.
Haqiqat shuki, ziyolilar chetda emas. Ular ham bor, ularning mehnati ham qayd etiladi, lekin ular hech qachon xalq ko‘z o‘ngida sportchilar yoki masxarabozlardek “qahramon” bo‘lib chiqmaydi. Ularning nomlari kitoblardagina qoladi, ayrim akademik doiralardagina eshitiladi. Xalq esa ularni emas, balki tez-tez ekranda ko‘rinib, dabdaba va hashamat ichida yurganlarni taniydi. Bu esa jamiyatda noto‘g‘ri qadriyatlarni shakllantirib bormoqda.
O‘zini bilim bilan emas, balki to‘y va hashamat bilan ko‘rsatishga urinish, yoshlarni ham shunga ergashtiradi. Yoshlarga ilmiy izlanish emas, tez boylik va tez mashhurlikka eltuvchi yo‘llar jozibador bo‘lib ko‘rinadi. Natijada millat o‘z tafakkur boyligini sekin-asta boy beradi, ma’naviy olami sayozlashadi, xalq sifatida esa tanazzul sari qadam tashlaydi. Chunki jamiyat taraqqiyoti ilmga emas, tomoshalarga suyanib qolgan bir paytda, kelajakni boy berish muqarrar bo‘ladi.
👉 @Jasur_Usmon