🌿 Kech tushdi. Do‘konni berkitayotgan edim. Ortimdan bir kishi:
- Uka olma olasizmi? - dedi.
45-50 yosh chamasi, velosipedda olma sotib yurgan ekan.
- Qani ko‘raychi, narxi qancha ekan? - oldiga yaqinlashdim.
- Sizga 7500 dan qilib beraman, - dedi.
Darrov savdogarligim tutib ketdi.
- 5000 dan bering hammasini olaman, - dedim.
- Yo‘q uka, mayli sizga 7000 dan beray, 4 kg xolos, hammasini oling, - dedi.
Qarasam 5000 danga bermaydigan.
- Xo‘p 6000 dan bering, 2 kilosini olaman, -dedim, - hammasi ko‘pda axir.
Bir muddat o‘ylanib qoldi.
- Uka hammasini oling, 6500 dan beray, - dedi.
- Hammasini nima qilaman amaki, ertaga ham sotaverasizda, - dedim.
- Yo‘q, bugun hammasini sotishim kerakda, keling uka mana xoxlagan bittasini olib ta’tib ko‘ring, juda shirin olmalar, - deb, salafan paket ichidan bir dona olma olib menga uzatdi.
Ko‘zim amaki uzatgan olmaga emas, olma uzatilgan qo‘llarga tushib qoldi.
Sovuqdan tilim-tilim bo‘lib yorilib ketibdi. Bir vaqtlar, kuzning sovuq kunlarida, paxta dalasida paxta tergan vaqtimda, o‘zimni ham qo‘llarim shunday yorilib ketgan edi. Eslab, ichim achishib ketdi.
Qilgan ishimdan xafa bo‘lib ketdim.
Menga uzatgan olmani olib, uni ham salafanga soldim-da, amakiga yuzlanib:
- 8000 dan olaman, hammasini olaman, - dedim.
Narxni eshitib, menga ajablanib qaradi.
- Ha, ha 8000 dan olaman, - dedim yana qo‘shimcha qilib.
- Xazillashyapsizmi uka? - deguncha, men pul sanashga tushib ketdim.
- Mana 32000 rozi bo‘ling! - dedim.
Pulni qo‘limdan olarkan, sanab o‘tirmay, 2000 ni qaytarib berdi va:
- Men roziman uka, siz ham rozi bo‘ling, - dedi.
Pullarni cho‘ntagiga solarkan, yana menga yuzlanib:
- Yaxshi bo‘ldi-da, juda zarur edi, - deb qo‘ydi, ko‘zlari quvnab.
Amaki ketgach, qilgan ishimdan o‘zim ham xursand bo‘ldim, ko‘nglim yorishdi.
Yorilgan qo‘llar esa, hamon ko‘z o‘ngimdan ketmayapti...
Iqbol Yusuf
OBUNA BO‘LING!
👉🏻@audio_sahifa