Yaqinda shahrimizdagi kelin ko'ylak salonlari (shu so'zning o'zbekchasini topolmadim) ko'chasidan o'tib qoldim. Xayolimga g'alati fikr keldi.
O’sha oynavandlar ortidagi oq ko’ylaklarni bundan 7-8 yil avval ham ko’rganman. Har gal ko’rganimda ichimga qandaydir yorug’lik, orziqish hissi kirardi. Xayolimda bunisi menga mos ekan, unisi dugonamga, anavini qiz bazmiga kiysam bo’larkan, deb o’tib ketardim o’zimcha.
Bu safargi qarash, hislar, xulosalar boshqacha bo’ldi.
O’sha ko’cha, o’sha do’konlar, o’sha oynavandlar, o’sha uslubdagi oq ko’ylaklar – lekin endi orzumand, murg’ak qizchaning ko’zi bilan boqmadim. Boqolmadim. Kelgan birinchi fikr esa — “Shuniyam manekenga kiydirishadimi, kim tanlardi bu narsani?!”…
Ha, biz yoshligimizda orzu qilgan, havas qilgan narsalarga vaqt o’tib yo ahmoqona, yo bolalik o’y deb qaraymiz. Aslida bu narsa muhit va nafsga bog’liq.
Inson ulg’aygan, umri uzaygan sari minimal ehtiyojlardan maksimal ehtiyojlarga qarab ketadi. O’sha namunaviy oq ko’ylak 10 yoshli qizga qanday dabdaba, mukammal bo’lib ko’rinsa, 20 yoshli qizga uvada bo’lib ko’rinishi mumkin. Maktabda sodda to’y, kamxarj yig’inlarga qanchalik targ’ib qilinmasin, masala o’ziga kelganda “Men bir marta yashayman”, “Orzu-havasim bor”, “Eng qimmatidan kiyishim shart, dugonalarimni og’zi ochilib qolsin” degan o’ylardan boshlanadi hamma narsa.
To’g’ri, inson o’ziga eng yaxshilarini loyiq ko’rishi kerak. Bu fikrni ham inkor etmayman. O’sha ko’chadan o’tganimga 3 kun bo’ldiki, o’ylayman, o’zimcha falsafa so’qiyman. Savol yo’q, lekin javob qidiraman.
Hozircha anglaganim shu bo’ldiki, nafs – inson bilan birga ulg’ayadigan tilsim. Kunma-kun, oyma-oy, yilma-yil.
Faqat ayrim insonlargina u tilsimni tilsimligicha qoldiradi, Alibobo g’orini ochmaydi, biroq yana ko’pchilik toifa borki, g’orning tilsimini ochadi, ichkariga kiradi va kenglik-u qorong’ulik aro yo’q bo’ladi.
Sim-sim, ochil…
Sim-sim, yopil…
Nigora A.
04.03.2026
@asqaraliyeva



