Sport ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari va yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
Sport vazirligida Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari hamda ixtisoslashtirilgan professional sport ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda markazlar va boshqa ixtisoslashtirilgan professional sport ta’lim muassasalari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, metodistlar hamda tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
Sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov boshchiligida ZOOM platformasi orqali tashkil etilgan yig‘ilishda Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari hamda boshqa ixtisoslashtirilgan professional sport ta’lim muassasalariga 2026/2027 o‘quv yili uchun qabul jarayonlari, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish hamda markazlar faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida o‘quvchi-sportchilar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil etish, ularning vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan markazlarda o‘tkaziladigan ma’naviy-ma’rifiy, sport hamda targ‘ibot-tashviqot tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilishda markazlar va boshqa ixtisoslashtirilgan professional sport ta’lim muassasalari rahbarlarining axborotlari tinglanib, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish, yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish hamda ta’lim jarayoni samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Web-Sayt | Telegram | Facebook | Instagram | Youtube