Biz juda ko‘p narsani xohlaymiz: yaxshi natija, yuqori toifa, 70% ustama, ko‘proq daromad, o‘zimizga bo‘lgan ishonch. Lekin bitta muammo bor: biz xohlagan narsamiz qachon kelishini bilmaymiz.
Shuning uchun odamlar odatda 2 xil yo‘l tutadi. Birinchisi — natija hali ko‘rinmasa ham, har kuni oz-ozdan oldinga yuradi. Ikkinchisi esa kutadi, kutadi, kutadi… Go‘yoki bir kuni uyg‘onadi-yu, hammasi o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qoladigandek. Buni attestatsiyaga tayyorgarlikda juda yaxshi ko‘rish mumkin. Bir ustoz imtihongacha oylar borligidayoq har kuni oz-ozdan dars qiladi, test ishlaydi, xatolarini tahlil qiladi. Boshqa ustoz esa “vaqt hali ko‘p…” deb yuradi. Keyin attestatsiyaga 2 oy qolganda birdan shoshilish boshlanadi. Kim qaysi toifaga kirishini esa har kim o‘zi juda yaxshi biladi, menimcha.
O‘zimda bo‘lgan bir holatni aytib bermoqchiman. May oxiri — iyun boshlarida do‘stim Abdujabbor bilan sun’iy intellekt sohasiga jiddiy qiziqa boshladik. Ochig‘i, boshida AI’ga vazifa berish bo‘yicha tajribamiz deyarli 0 edi. Sun’iy intellektga nima desak, nimani tushunadi, qanday vazifa berish kerak, qaysi holatda yaxshi ishlaydi, qaysi holatda xato qiladi, ishni qanday rejalashtirish kerak — bilmasdik. Hatto ba’zida “Ali” desak, “Ahmad”ni tushunayotgandek natijalar chiqardi. 😄 Ko‘p xato qildik. Lekin bitta narsani qildik: to‘xtamadik.
Har kuni ozgina o‘rgandik, yangi narsani sinadik, xato qildik, xatoni tahlil qildik va yana urinib ko‘rdik. Oradan hali 4 oy ham to‘liq o‘tmadi. Bugun esa sun’iy intellektga qanday vazifa berish kerakligini, qanday gapirsak biz xohlagan natijaga yaqinlashishini ancha yaxshi tushunyapmiz.
Va bundan man uchun juda katta bir xulosa chiqdi: siz xohlagan narsa 1 kunda amalga oshmagan bo‘lsa, bu uning iloji yo‘q degani emas. Bu faqatgina siz hali o‘sha natijaga olib boradigan darajaga yetib bormadingiz, degani. Natija birdan kelmaydi. Avval siz o‘sasiz, bilimingiz o‘sadi, tajribangiz o‘sadi, intizomingiz o‘sadi. Keyin bir kuni qaraysiz — oldin juda uzoqdek tuyulgan narsa endi siz uchun oddiy holatga aylangan.
Shuning uchun bugun o‘zingizdan bitta savol so‘rang: Men 70% ustamaga tayyormanmi? Men toifamni ko‘tarishga tayyormanmi? Faqat “xohlayman” emas. TAYYORMANMI?
Agar javobingiz “yo‘q” bo‘lsa — hali ham kech emas. Bugundan boshlang. Bir kunda hammasini o‘rganishga urinmang. Bugun bitta mavzu, ertaga yana bitta qadam, keyingi kuni yana bitta. Shu mayda qadamlar yig‘ilib, imtihon kuni sizning natijangizga aylanadi.
Sprint darslarimizni muntazam kuzatib boring. Xudo xohlasa, attestatsiya imtihonigacha nafaqat test natijangizda, balki o‘zingizdagi o‘sishni ham sezadigan darajaga yetasiz.
Attestatsiyaga 2 oy qolganda shoshiladiganlardan emas, bugundan tayyorlanadiganlardan bo‘ling.