Birovning haqqi
#life
Ko'pchiligimiz "birovning haqqi" deganda faqat pul, mol-mulk yoki moddiy narsalarni tushunamiz.
Ko'krak kerib: "Men hech qachon birovning haqqini yemaganman," deymiz. Bu yaxshi. Ammo birovning haqqi faqat pul yoki mulk bilan cheklanmaydi.
Kimlargadir va'da berdingizmi? O'sha va'dangizning ustidan chiqishingiz ham uning haqqidir. Agar va'dangizni bajarmasangiz, u sizga ishonib reja qilgan bo'ladi. Balki boshqa imkoniyatlardan voz kechgandir. Siz sabab uning rejasi o'zgargan yoki amalga oshmay qolgan bo'lishi mumkin.
Qila olmasangiz, va'da bermang. Agar bajara olmasligingiz ma'lum bo'lsa, imkon qadar erta ayting. Hech bo'lmasa kutib qolmasin.
Hech kimga behuda umid bermang. Insonning his-tuyg'ulari bilan o'ynash ham birovning haqqidir.
"10 daqiqada yetib boraman", deb 20–30 daqiqaga kechikmang. Biror kishi sizni kutayotgan bo'lsa, uning vaqtini olayapsiz. Vaqt ham haqdir.
Sizga biror sir yoki ishonib aytilgan gapni boshqalarga tarqatmang. Ishonchni sindirish ham birovning haqqiga xiyonat qilishdir.
"Qarzni 10-sanada qaytaraman", deb 20-sanada bermang. Balki o'sha pul egasiga aynan 10-sanada kerak bo'lgandir. Siz uchun oddiy kechikish bo'lgan narsa, boshqasi uchun katta muammo bo'lishi mumkin.
Biror kishining xabariga ataylab javob bermay yurish, uchrashuvga kelmay qo'yish, "keyin qilaman" deb odamni ovora qilish, boshqalarning mehnatini qadrlamaslik, navbatni buzish, yolg'on va'dalar berish — bularning barchasi ham birovning haqqiga kiradi.
Ba'zida insonning eng katta haqqi uning puli emas, vaqti, ishonchi, umidi va qalbidir.
Shuning uchun faqat birovning molidan emas, uning vaqtidan, ishonchidan, his-tuyg'ularidan va duosidan ham ehtiyot bo'laylik.
Chunki ayrim haqlarni pul bilan qoplab bo'ladi. Ammo singan ishonchni, yo'qolgan vaqtni va og'rigan qalbni hech narsa ortga qaytara olmaydi.