Talabalar bilan ishlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish… — O'zDJTU | UzSWLU | УзГУМЯ — TG.ME

🟦🟦🟦

Talabalar bilan ishlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish masalalari muhokama qilindi

Bugun O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida fakultetlarda talabalar bilan ishlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, odob-axloq va ichki tartib-intizomni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda universitet rahbariyati, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekan maslahatchilari hamda tyutorlar ishtirok etdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan universitet rektori Ilxomjon Tuxtasinov yangi o‘quv yili boshlanishi bilan talabalarning ta’lim-tarbiyasi, odob-axloqi va universitetdagi ichki tartib-intizom masalalariga yanada jiddiy e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Rektor o‘z so‘zida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu — ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir”, degan fikrlarini keltirib, har bir mas’ul xodim talaba yoshlarning ta’lim olishi, tarbiyasi va jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun mas’ul ekanini qayd etdi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab fakultet mas’ullari, tyutorlar, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’ullar hamda ijtimoiy-psixologik muhit bilan ishlash bo‘limi xodimlarining talabalar bilan tizimli ish olib borishi, kiyinish madaniyati, muomala odobi va universitet ichki tartib-qoidalariga rioya etilishini muntazam nazorat qilishi zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, talabalar turar joylari va ijara xonadonlarida yashayotgan talabalar holidan muntazam xabar olish, ularning ta’limi, davomatı, yashash sharoiti va mavjud muammolarini o‘z vaqtida aniqlash muhimligi qayd etildi.

Rektor mas’ullarga har bir talaba bilan individual yondashuv asosida ishlash, muammolarni ularning oqibati bilan emas, avvalo, oldini olish orqali hal etish, rasmiyatchilikka yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli vazifalarni belgilab berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shamutalova Shohida Batirovna so‘zga chiqib, talaba-qizlar bilan ishlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish hamda xotin-qizlar masalalariga oid ishlarni tizimli tashkil etish yuzasidan o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.

Shundan so‘ng talabalar orasida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan rektor maslahatchisi O. Zikirov, sun’iy intellekt va strategik transformatsiya bo‘yicha rektor maslahatchisi Boltabaev Mahmudjon Rustamovich, universitet matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi O. Ibragimov so‘zga chiqib, o‘z sohalaridan kelib chiqib, talabalar bilan ishlash, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanish hamda axborot siyosati yo‘nalishlarida e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan fikr va tavsiyalarini bildirdi.

Uchrashuv yakunida belgilangan vazifalarni yangi o‘quv yilidan boshlab aniq va tizimli tashkil etish, talabalar bilan ishlash samaradorligini oshirish hamda universitetda sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

🌐 Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Telegram | Instagram | Facebook | Sayt
❤12👍3
September 9, 2026 3.2K 9