Sharq filologiyasi fakultetida 1-bosqich talabalari uchun tanishtiruv tadbiri o‘tkazildi
8-sentabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti Sharq filologiyasi fakultetida 1-bosqich talabalari uchun fakultet rahbariyati bilan tanishtiruv tadbiri tashkil etildi.
Tadbirni fakultet dekani Dilshod Djurayev ochib berib, talabalarni talabalik maqomiga erishganlari bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularga o‘qish jarayonida muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, universitetning ichki tartib-qoidalari, talabalarning huquq va majburiyatlari, ta’lim jarayonida rioya qilinishi lozim bo‘lgan talablar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir davomida talabalar fakultet rahbariyati, kafedralar va ularning faoliyati bilan tanishtirildi. Kafedra mudirlari tomonidan ta’lim jarayoni, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy faoliyat hamda fakultetda faoliyat yuritayotgan turli to‘garaklar haqida ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbirning badiiy qismida esa o‘zbek milliy raqsi, samulnori, taekvondo namoyishi, koreys milliy kuyi hamda Xitoy milliy raqslari ijro etilib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Mazkur tadbir 1-bosqich talabalarining fakultet hayoti bilan yaqindan tanishishi, universitet muhitiga moslashishi hamda talabalik davrini mazmunli tashkil etishida muhim qadam bo‘ldi.
Telegram|Instagram|Facebook











