Aksariyat odamlar bir birini yoki oʻzini aldab yashayaptilar . Blogerlar “chiroyli” hayot bilan aldashyapti , mashhurlar esa o‘zini doim baxtli, muammosiz va ideal qilib ko‘rsatishlari bilan . Er-xotin blogerlar, farovon hayot videolari, qimmat mashinalar, chet el sayohatlari — bularning ko‘pchiligi aslida faqat kamera oldida puxta sahnalashtirilgan kadrlar, xolos.
Eng qizig‘i, odamlar hamma narsa ideal emasligini biladi. Shunga qaramay, baribir ko‘rganlariga ishonadi. Boshqalarning bezaklangan kadrlarini o’zlari uchun standardga aylantiradi va ko‘pchilik o‘z real hayotidan qoniqmaydi, o‘zini kamroq qadrlay boshlaydi. Bu esa yana bir aldov — tashqi emas, ichimizdagi aldov.
Yaqinda shunaqa “muvaffaqiyatli”, hayoti go‘yo muammosiz ko‘rinadigan bir bloger haqida video ko‘rdim. Videoda uning ayoli farzandiga alimentni vaqtida to‘lamayotganidan shikoyat qilgan. Shu payt o‘zimni aldangandek his qildim. Bir tarafdan kulgili, boshqa tarafdan achinarli: kameradagi jilmayishlar ortida hatto eng oddiy mas’uliyat ham bajarolmayotgan bir masuliyatsiz inson turgan boʻlishi ham mumkon
Ijtimoiy tarmoqlardagi “mukammal hayot” — bu faqat ijaraga olingan kadrlardan iborat vitrina. Biz esa ko‘pincha o‘sha vitrinalarni haqiqiy hayot deb qabul qilamiz
Kitoblar ham aldaydi, chalg‘itadi. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Faqat ularning aldovi boshqacha — ular sizni pastga emas, yuqoriga tortadi. Kitobning chalg‘itishi insonni yuksaltiradi: u sizni boshqa olamga olib kirib, qancha ko‘p o‘qisangiz, shuncha ko‘proq fikrlashga majbur qiladi. Murakkab gaplar, chuqur g‘oyalar, o‘ylashga majbur qiladigan fikrlar — bularning barchasi inson ongini kengaytiradigan, ruhini boyitadigan “aldovlar”dir.
Shuning uchun ham arzon, vaqtni isrof qiladigan, foydasiz illuziyalarga aldanib yashagandan ko‘ra, murakkabroq va qimmatliroq aldovlarga berilishni afzal deb bilaman. Axir baribir aldanarkanmiz, hech yoq tafakkurini ochadigan va hayotga boshqacha nigoh beradigan narsalarga aldanaylik.
Odamni o‘zgartiradigan, fikrini charxlaydigan va ongini yuksaltiradigan illuziya yomon emas — u o‘sishning bir qismidir.