“MPS TURON” O‘QUV-AMALIYOT MARKAZI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruvi raisining “MPS Turon” tizimini yanada kengaytirish hamda o‘quv markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosi doirasida Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli filiali tarkibidagi Navoiy signallashtirish va aloqa masofasida zamonaviy “MPS Turon” o‘quv-amaliyot markazi tashkil etildi.
Markazning tantanali ochilish marosimida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Yoshlar va ijtimoiy loyihalar boshqarmasi boshlig‘i A.A. Umaraliyev hamda Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli boshlig‘i S.S. Asrorov ishtirok etib, yangi o‘quv maskanini foydalanishga topshirdilar.
Tadbirda Buxoro mintaqaviy temir yo‘l uzeli filiali rahbariyati, nafaqadagi nuroniylar, korxona rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Loyiha asosida bunyod etilgan markazda temir yo‘l sohasida zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish, amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash va yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Markazda mahalliy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan quyidagi tizimlarni temir yo‘l tarmog‘ida keng joriy etish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi:
🔹 MPS Turon
🔹 MPAB Turon
🔹 DTS Turon
🔹 MAPS Turon
Yiliga 28 nafar mutaxassis tayyorlanadi
O‘quv-amaliyot markazida yiliga 8 nafar dasturchi hamda 20 nafar montaj elektromexanigini tayyorlash imkoniyati mavjud.
Mazkur markaz temir yo‘l sohasini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, mahalliy dasturiy yechimlardan samarali foydalanish hamda kelajak uchun malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lidagi muhim loyihalardan biridir.
Zamonaviy bilim — ilg‘or texnologiya — malakali mutaxassis!
|Site|Telegram|Facebook|YouTube|Instagram|X