O‘zbekistonlik 40 ga yaqin o‘quvchi Xitoydagi G.A.T.E. International Olympiad 2026 finalida ishtirok etmoqda
Xitoyning Xanchjou (Hangzhou) shahrida G.A.T.E. International Olympiad 2026 xalqaro olimpiadasining final bosqichi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekistondan 40 ga yaqin o‘quvchi ishtirok etmoqda.
G.A.T.E. (Global Academic & Theoretical Excellence) — matematika, nazariy fanlar va texnologik innovatsiyalar yo‘nalishida iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ularning bilimini xalqaro miqyosda baholash va rag‘batlantirishga qaratilgan xalqaro olimpiada.
Olimpiada Gonkongning EdSquare Limited kompaniyasi hamda Xidian University Hangzhou Texnologiya Instituti hamkorligida tashkil etilgan.
Tashkilotchilar xalqaro ta’lim va olimpiadalarni tashkil etish bo‘yicha katta tajribaga ega. Xidian University turli xalqaro loyihalari orqali 30 dan ortiq mamlakatdan 2500 dan ziyod talaba va tadqiqotchilarni qabul qilgan. EdSquare Limited esa 15 dan ortiq mamlakatda xalqaro akademik forum va musobaqalarni tashkil etib, 25 dan ortiq davlatdan 5000 dan ziyod o‘quvchi va pedagoglarni jalb qilgan.
2026-yilning o‘zida G.A.T.E. 13 ta mamlakatni qamrab oldi. Olimpiada tizimidagi musobaqalar Norvegiya, Avstriya, Germaniya, Laos, Ummon va Tailandda o‘tkazilgan. Shuningdek, O‘zbekiston, Tojikiston, Rossiya, Vyetnam, Avstraliya, AQSh va Argentina kabi davlatlar ham G.A.T.E. geografiyasidan o‘rin olgan.
Olimpiadaning muhim jihatlaridan biri — barcha davlatlardagi ishtirokchilar natijalarining yagona standart asosida baholanishidir. Natijalar global ko‘rsatkichlar bilan taqqoslanib, eng yuqori natija qayd etgan o‘quvchilar Platinum, Oltin, Kumush va Bronza darajalari bilan taqdirlanadi.
Ayni paytda O‘zbekistondan 40 ga yaqin o‘quvchi Xanchjoudagi Xidian University kampusida G.A.T.E. International Olympiad finalida o‘z bilimlarini xalqaro maydonda sinovdan o‘tkazmoqda.
Final doirasida olimpiada bellashuvlari bilan bir qatorda Xitoyning zamonaviy texnologiyalari, ilm-fani va madaniyati bilan tanishtiruvchi maxsus tadbirlar ham tashkil etilgan.
O‘zbekistonlik o‘quvchilarning G.A.T.E. International Olympiad 2026 finalidagi natijalari tez orada ma’lum bo‘ladi.