Attestatsiya imtihonlari spetsifikatsiyasini ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak. Unda tavsiyaviy xarakterdagi 16 ta asosiy va 14 ta qo‘shimcha adabiyot keltirilgan. Lekin bundan qo‘rqib, “endi imtihondan o‘tish uchun 30 ta kitobni o‘qish kerak ekan”, degan xulosaga kelish shart emas.
Masalan, o‘tgan attestatsiya imtihonidagi savollarni tahlil qiladigan bo‘lsak, 35 ta testning 32 tasiga faqat maktab darsliklarini o‘qigan holda javob berish mumkin edi. Qolgan 3 ta topshiriqning 2 tasi metodik qo‘llanmaga, 1 tasi esa tashqi manbaga borib taqalgan.
O‘sha paytda “tarqalgan” (yoki “tarqatilgan”) “35 ta savolning 30 tasi boshqa kitoblardan tushdi” degan gap esa haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Bunday gapni aytganlar yo birovdan eshitgan gapiga ko‘r-ko‘rona ishongan, yo bu gapni aytishdan boshqa g‘arazli maqsadi bor.
Hozir ham o‘qituvchilarga avvalo yangi maktab darsliklarini puxta o‘zlashtirishni tavsiya qilaman. Chunki ko‘pchilik yangi darsliklarni hali yetarlicha o‘zlashtirmasdan turib, qo‘shimcha adabiyotlarga o‘tishga shoshiladi. Bu to‘g‘ri yondashuv emas.
Ro‘yxatda tavsiya etilgan, tarix fanlari doktori, professor Akbar Zamonov boshchiligida yozilgan barcha kitoblarni o‘qib chiqqanman. Ular, albatta, qiziqarli va foydali. Lekin o‘qituvchilar attestatsiya imtihoniga tayyorgarlik ko‘rishda, birinchi navbatda, maktab darsliklarini puxta o‘zlashtirgani ma’qul.
Biz shu yondashuv bilan doim yuqori natija qilib kelyapmiz.
Albatta, attestatsiyadagi savollarning sifati (validligi) boshqa mavzu.




