Do'stim, qaydan sizga she’rga buncha qarshilik!? She’r ham bir gap, yaxshisi yaxshi, yomoni yomon (Marfu’ hadis).
Musulmon bo‘lgandan keyin ham sahobalar she’r yozgan. Tobe’inlar she’r yozgan. Abu Hanifa she’r yozgan. Shogirdlari she’r yozgan. Shofe’iyning katta she’riy devoni bor. Hazrati Aliy ko‘p hollarda murassa (she’rga o‘xshatib) gapirar edilar. She’r yozmagan kim bor o‘zi - joni yo‘q tosh, aqli yo‘q eshakdan boshqa!?
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam masjidda Hasson aytgan she’rlarni tinglar edilar. Zuhayr ibn Ka’b Islomga kirish uchun Rasululloh huzurlariga kelib qasida aytganda unga choponlarini hadya qilganlar. Qasidasining yarmi arab odatiga ko‘ra ishq haqida bo‘lgan:
«Suad mendan ayrildi, qalbim bugun xastadir,
Xun puli to‘lanmagan zanjirband asiradir».
Olimlar doim jiddiy bo‘lmaganlar. Doim kitob o‘qimaganlar. Doim dars qilmaganlar. Ular shariatga amal qilganlar, ruxsatlardan foydalanganlar. Katta tobe’in imom Shu’ba odamlarga dars o‘tayotib goho nahv olimi Abu Zaydni ko‘rib qolar, dars asnosida u bilan Nobig‘a Zubyoniyning she’rlarini aytishar edi. Dars o‘rtasida mushoira...
She’r yozishni qo‘ying, sahobalar bo‘sh vaqtlarida bir-birlariga tarvuz po‘choqlarini otishar edi. Ammo jiddiy ishlar qarshida ulardan jiddiylari bo‘lmas edi (Imom Buxoriy Sahihida aytilganidek). Tashqaridan xunuk ko‘ringan manzara, lekin barcha Bani Odamning tabiati shu. Inson g‘o‘la emas-ki, bir oqimda ixtiyorsiz, hissiz suzsa. Zavqi bor, shavqi bor, fe’l-atvori, turfa afkori bor. Ko‘radi, o‘rganadi, sevadi, yo‘qotadi, yig‘laydi, kuladi, she’r yozadi, aytadi...
Ibn Javziy «Axbaruz zirof» kitobining ilk sahifalarida Sufyon ibn Uyayna tilidan bunday hikoya qiladilar:
«Bir kuni Mis’ar ibn Kidomning huzurlariga bordik (bu kishi ishonchli hadis roviysi bo‘lganlar). Rosa uzun namoz o‘qidilar. Keyin bizga qarab kuldilarda mana bu she’rni xirgoyi qildilar:
«Hoy, qarang anov Azza,
Men tomon kelayotir,
Ko‘zin yerga qaratgan
Shamoldek yelayotir:
«Betob bo‘ldik, ko‘rgali
kelmadingiz-ku, hazrat»
Dedim: «Kasal kasalni
etarmi hech ziyorat!?»
Men (Sufyon so‘zi): «Shunday namozdan keyin shu ishmi!?» deb ajablansam, u kishi: «Ha! Goh undoq, goh bundoq», deb javob berdilar...
Goh undoq, goh bundoq, do‘stim!
@Vahm_olami