PhD magistraturadan keyingi yana bir bosqich emas.
Ko‘pchilik bakalavrni tugatib, keyingi tabiiy bosqich magistratura, undan keyin esa PhD deb o‘ylaydi. Bu unchalik to‘g‘ri tushuncha emas.
Bakalavrda siz tanlagan sohaning turli yo‘nalishlari bilan tanishasiz. Ya’ni sohaning umumiy manzarasini (big picture) ko‘rasiz. Magistraturada esa shu yo‘nalishlardan bittasini chuqurroq o‘rganib, ma’lum bir soha bo‘yicha mutaxassisga aylanasiz. Master bo‘lasiz.
Masalan, bakalavrda umumiy tibbiyotni o‘qib, magistraturada kardiologiyaga ixtisoslashishingiz mumkin.
PhD undan keyingi tabiiy bir bosqich emas. PhD butunlay boshqa maqsadga xizmat qiladigan ALOHIDA, MUSTAQIL ilmiy daraja.
PhD paytida siz juda tor (specific) bir muammoni tanlaysiz, uning yechimini qidirasiz va shu mavzu bo‘yicha ilmiy yangilik yaratishga harakat qilasiz. Bunda siz butun sohaning kuchli mutaxassisi bo‘lib qolmaysiz. Aksincha, juda kichik, ammo aniq bir mavzu bo‘yicha dunyodagi sanoqli mutaxassislardan biriga aylanasiz (PhD to‘g‘ri qilinganda albatta😂).
PhD bialn mustaqil ish qila olishlikni ko‘rsata olasiz.
PhD sizning mustaqil fikrlay olishingizni ko‘rsatadi.
PhD sizning ilm-fanga yangi hissa qo‘sha olishingizni ko‘rsatib beradi.
Shuning uchun ham PhD ilmiy faoliyat uchun beriladigan daraja.
Magistratura hamma uchun majburiy emas.
Agar bakalavrdan keyin o‘zingizga yoqqan ishni topa olsangiz, o‘sha ikki yil davomida haqiqiy muammolar ustida ishlash sizga magistraturadan ham ko‘proq tajriba beradi (odatda). O‘sha ishda bir qancha tajriba olib, keyin magistraturada o‘qish durust bo‘ladi. Chunki amaliyotda duch kelgan muammolarni chuqurroq tushunishga va sohani kengroq ko‘rishga yordam beradi. Bu asosan boshqa ishga o‘tishda va/yoki yuqori lavozimga ko‘tarilishda zo‘r qo‘l keladi.
Ko‘p kompaniyalarda ish boshlash va muvaffaqiyatli karyera qurish uchun bakalavr (+magistratura) yetarli. PhD esa talab qilinmaydi. Albatta istisno bilan. R&D, fundamental tadqiqotlar, sun’iy intellekt, biotexnologiya kabi ilmiy markazdagi yo‘nalishlarda PhD zo‘r foyda beradi. Chunki ilmiy ish qilasiz. Misol uchun, Google’da ishlashga bakalvr yetadi. Google Research yoki Deepmind’da ishlashga PhD kerak bo‘ladi.
O‘xshatish qilsak, bakalavr umumiy dunyo xaritasini ko‘rish desak, magistratura Markaziy Osiyoni chuqurroq o‘rganish bo‘ladi. PhD esa butunlayin yangi yerni kashf etib, xaritaga qo‘shish desak noto‘g‘ri bo‘lmaydi.
Umumiy qilib aytganda, bakalavr sizga sohaning asoslarini beradi. Magistratura sizni ma’lum yo‘nalish bo‘yicha usta mutaxassis qiladi.
PhD esa sizni yangi bilim yaratadigan tadqiqotchiga aylantiradi.
Shuning uchun PhD’ni magistraturadan keyingi tabiiy bir majburiy bosqich sifatida emas, balki ilmiy faoliyatni tanlagan insonlar uchun ALOHIDA yo‘l sifatida ko‘rish to‘g‘riroq.