Tibbiyotda 188 ball ham kamlik qilyapti: Sertifikatlar poygasi va ta’limdagi kutilmagan «inflyatsiya»
Bu yilgi qabul natijalari va tibbiyot yoʻnalishidagi oʻtish ballarini koʻrib, koʻpchilikning ogʻzi ochilib qoldi. Maksimal 188 ball yigʻgan yuzlab abituriyentlar ham oʻqishga kirolmay surilib ketishdi. Xoʻsh, bir yilning oʻzida yoshlarimiz birdaniga «daho»ga aylandimi yoki test-sinov tizimida biror narsa izdan chiqdimi?
Javob oddiy va achchiq: Milliy sertifikatlar inflyatsiyasi.
1-2 oylik tayyorgarlik va 100 foizlik natija: Adolat qayerda?
Bugun 1-2 oy maxsus kursga qatnab, C darajali sertifikatni qoʻlga kiritgan abituriyent Davlat imtihonida (BMBA) avtomattik ravishda 100 foizlik natija — barcha savollarga toʻgʻri javob berdi degan imtiyozga ega boʻlyapti.
Masalan, majburiy yoki asosiy blokdagi Tarix fanidan C darajali sertifikat olgan oʻquvchi testga kirmasdanoq barcha 10 ta savolga naqd ballni choʻntakka soladi. Yillab kitob titgan, tunlarni oʻtkazib chuqur bilim olgan, lekin imtihon kunidagi oddiy hayajon yoki texnik xatolik sabab 9 ta toʻgʻri topgan oʻquvchi esa undan orqada qoladi.
Bu — haqiqiy bilim egalari oʻrtasidagi raqobat emas, shunchaki «sertifikat ketidan quvish» poygasidir.
Davlat imtihonining nufuzi qolmayapti
Milliy sertifikat tizimi dastlab abituriyentlarning yukini yengillashtirish uchun kiritilgan edi. Lekin hozir u Davlat imtihonining asosiy maʼnosini yoʻqqa chiqarmoqda. Abituriyentlar asosiy testga kirmasdanoq maksimal ballni yigʻib boʻlishayotgan boʻlsa, yillab ilm olish va Davlat imtihonining nima kerakliligi qoladi?
Ayniqsa, gap tibbiyot haqida ketganda, bu xavfli tendensiya. Inson hayotini ishonib topshiradigan boʻlajak shifokorlar qisqa muddatli sertifikat metodikalari orqali emas, chuqur va fundamental bilimlari bilan saralab olinishi shart.
Tizimni tartibga solish uchun nima qilish kerak?
Sertifikatlar inflyatsiyasini toʻxtatish va taʼlimda haqiqiy adolatni tiklash uchun quyidagi 2 ta hayotiy taklifni ilgari surish mumkin:
Imtiyoz imtihonda emas, talaba boʻlgandan keyin berilsin!
Milliy sertifikatga ega abituriyentga kirish imtihonida sunʼiy ball berilmasligi kerak. Aksincha, u talabalikka qabul qilingach, oʻsha fanni oʻzlashtirishdan ozod etilishi, akademik kreditlari hisoblanishi yoki stipendiyasiga ustama qoʻshilishi lozim. Bu barcha abituriyentlar uchun imtihonda teng sharoit yaratadi.
100 foizlik sertifikat = 20 ta toʻgʻri javob bali
Agarda sertifikat imtiyozi imtihonda saqlanib qolsa ham, eng yuqori sertifikatga ega oʻquvchiga testdagi hamma savollarning bali emas, masalan, 30 ta savoldan 20 tasining bali berilishi kerak. Qolgan 10 ta savolni abituriyent Davlat imtihonida oʻz bilimi va aqli bilan yechib, real kuchini koʻrsatsin.
Xulosa oʻrnida
Ta’limdagi adolat va mantiqiy muvozanat yoʻqolsa, eng katta zararni jamiyat tortadi. Qisqa muddatli texnikalar orqali olingan sertifikatlar bilan sunʼiy ravishda 189 ball toʻplash amaliyotiga chek qoʻyilmas ekan, haqiqiy bilimli kadrlar chetda qolib ketaveradi.
Vaqt oʻtmay turib, Milliy sertifikatlashtirish tizimini ham, Davlat imtihoni nufuzini ham tartibga soluvchi oʻzgarishlar kiritilishi shart.
© Kamoliddin Muydinov
@RishtonnPerfect_Education
@RishtonnPerfect_Education
@RishtonnPerfect_Education