Onlayn qimor — bu shunchaki vaqt o‘tkazish yoki “omad sinash” emas. U ko‘pincha insonning nafaqat pulini, balki ongini, oilaviy tinchligini, kelajagini va yaqinlari bilan bo‘lgan ishonchini ham sekin-asta yemiradigan xavfli illatdir. Dastlab oddiy qiziqish yoki kichik tikish bo‘lib ko‘ringan narsa vaqt o‘tib qarz, yolg‘on, ruhiy bosim va oilaviy inqirozga aylanishi mumkin. Eng achinarlisi, bu balo ko‘pincha insonni o‘zi sezmagan holda qamrab oladi. Bugun onlayn qimor ko‘plab oilalarga moddiy zarar, farzandlarga esa noto‘g‘ri namuna bo‘layotgan jiddiy tahdiddir.
Ayniqsa yoshlar va o‘smirlar uchun bu xavf yanada katta. Smartfon orqali istalgan payt internetga kirish imkoniyati bor davrda zararli odatlarga yo‘l ochilishi osonlashdi. Shu sabab farzandlarimizni “o‘zi biladi” deb nazoratsiz qoldirish bugungi kunda katta xato bo‘lishi mumkin. Ota-ona farzandining kim bilan muloqot qilayotgani, qanday ilovalardan foydalanayotgani, qaysi saytlarga kirayotgani va pulini nimaga sarflayotganidan boxabar bo‘lishi zarur. Bu ishonchsizlik emas — bu himoya.
Farzandlar smartfonini doimiy, oqilona va mas’uliyat bilan tekshirib turish bugungi zamon tarbiyasining bir qismiga aylanishi kerak. Telefonidagi shubhali ilovalar, yashirin to‘lovlar, noma’lum elektron tranzaksiyalar yoki vaqtning keskin behuda sarfi ko‘plab muammolarning ilk belgisi bo‘lishi mumkin. Ota-onalar farzandining moliyaviy harajatlarini soyadan, ya’ni ortiqcha bosimsiz, ammo muntazam nazorat qilib borishi foydali. Karta harakatlari, elektron to‘lovlar, balans kamayishi — bularning barchasi ogohlantiruvchi signallar bo‘lishi mumkin.
Yaqin insonlarimizga ham befarq bo‘lmaslik kerak. Agar oila a’zosi tez-tez pul so‘ray boshlasa, asabiylashsa, yashirin harakat qilsa yoki moliyaviy ahvoli tushunarsiz bo‘lib qolsa, bunga jiddiy e’tibor berish lozim. Ba’zan oddiy suhbat, vaqtida berilgan e’tibor yoki nazorat katta fojeaning oldini oladi.
Bu masalada eng kuchli qurol — oiladagi ochiq muloqot, ma’naviy tarbiya va nazoratdir. Farzandga pul topishning halol yo‘li, mehnatning qadri va yengil daromad ortidagi xavf tushuntirilishi kerak. Unga internetdagi har bir “oson imkoniyat” aslida tuzoq bo‘lishi mumkinligini anglatish muhim.
Unutmang: farzandni yoki yaqinni himoya qilish — faqat mehr berish emas, kerak paytda tekshirish, kuzatish va noto‘g‘ri yo‘ldan qaytarish hamdir. Bugun e’tibor bermaslik ertaga afsusga aylanishi mumkin. Oilamiz tinchligi, farzandlarimiz kelajagi va yaqinlarimizning ruhiy salomatligi uchun onlayn qimor balosiga qarshi ogohlikni bugundan boshlashimiz shart.
👉 @Jasur_Usmon