#review #taqriz
📓Erkin A'zam — "Shovqin"
Bu men Erkin A'zam ijodidan o'qigan ilk romanim bo'ldi.
Asar bir qarashda oddiy, lekin murakkab va jiddiy siyosiy-ijtimoiy voqealarni o'z ichiga olgan adabiy sarkastik degan bo'lardim. Lekin asarda aniq bir mazmun, mohiyat yoki tiniq kuy-ohang taralmaydi.
Shu sababdan ham asar nomi to'g'ri tanlangan deb o'ylayman - "Shovqin". Bu botiniy sabab ham edi: asar qahramoni Farhod Ramazonning qulog'ida dardi bor, qandaydir shovqin uni qiynardi. Dunyo shovqinlari orasidan kerakli kuyni ajratish qanchalik qiyin bo'lsa, dunyo ishlariga javoblar orasidan to'g'risini tanlash ham shunchalik qiyin.
Asarda yana ramziylik kuchli. Adib sobiq Ittifoq parchalanishi arafasidagi adabiy kino muhitini ko'rsatib berar ekan, undagi qahramonlarni ismlarini qiziq tanlaydi, masalan, Platon Sokratovich, Adham Delon (aktyor Alen Delonga ishora), Shayx San'on qissasi, Alla Pugacheva va hokazo. Yana Farhod Ramazonning asl ismi ham — Fidel, Otasi mashhur kubalik revolyutsionerga atab shunday nom tanlagan ekan.
Umuman, agar o'sha davrdagi kinofilm sanoati xuddi yozilganidek bo'lgan bo'lsa, biz o'sha davr kino oshxonasi ichidagi ko'pgina qiziq voqealarni ko'rib-bilib olamiz.
Romanda adib zamonaparastlik, soxta qahramonlik, milliy ildizlardan uzilish va ma'naviy tubanlik kabi illatlarni shafqatsiz realist sifatida fosh etadi. Yozuvchi qoni har xil xalqlarga aralashib, o‘zligini yo‘qotgan "duragay" insonlar misolida katta fojiani ko‘rsatadi: millati tayinsiz kishi milliy qadriyat va tuyg‘ularni asla his etolmaydi. Kommunistik mafkura yaratgan eng katta katastrofa edi bu.
Shunindek, asarda man'aviy buzuqliklar bilan birga axloqiy buzuqliklar ham ko'p joyda keltiriladi. Suyuqoyoq kelin, yengiltak kinoarboblar, qizlarni kinoga yotog'i orqali kiritadigan Ustoz, gen aynishi, haromilik va hokazo. Farhod Ramazonning o'zi ham yosh rus qizi Viktoriya bilan birga bo'lishi, xotiniga xiyonat qilishi va uni sevib qolganlari ko'rsatiladi. Bunday olib qaralganda, u ijobiy personaj emas, umuman unaqa romanda deyarli uchramaydi. Umuman o'zbek jamiyatining yangi davrga kirib kelish oldi holati.
Kitob o'z ta'biri bilan postmodernistikka yaqin, erkin janr. Albatta, "fohisha" va "jalap" degan so'zni va yotoqdagi voqealarni ozgina tasvirlashning o'ziyoq har qanday asarni JU'RATLI deb baholab qo'yadigan bizning jamiyatimiz uchun "Shovqin" yetarlicha erkin. Lekin Vikaning Farhod bilan munosabati ximiyasi ancha zaif tuyuldi menga, Yana bokira qizning darhol besh kunlab yoshi katta erkak bilan birga yashab ketishi ham qandaydur seksual fantaziyadan o'zgacha emasdek, Ha, mayli.
Umuman, filmda aynan xunuklik, ikkiyuzlamachilik va manfaatparastlik mavzulari ancha keng. Yozuvchi asar bosh qahramoni nomidan ko'p ishlarni qoralaydi, millatlar o'rtasidagi munosabatlardan tortib, oddiy fikrsizlik kabi mavzularda o'z fikrini yetkizishga uringani seziladi.
Xulosam, agar siz Erkin A'zamning boshqa kitoblari bilan tanish bo'lsangiz, o'qib fikr qilishga arziydi, ammo adib ijodini aynan shu kitobdan boshlashni tavsiya qilmagan bo'lar edim.
@panda_books