Inson va jamiyatning o‘z nomiga loyiq bo‘lishi uchun asos-tamal shu – IYMON. Darhaqiqat, qalbi aynigan odamni hech bir qonun eplay olmaydi. Hazrat Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asaridagi bir rivoyatni eslashga to‘g‘ri keladi. Asarda aytilishicha, hukamo xayliga mansub hurmatli zot – Barsisoy obid haqidagi bu rivoyatning manbasi o‘ta ishonchli bo‘lib, buyuk sahobalardan Ibn Abbosga (r.a.) borib taqaladi.
Alqissa, Barsisoy obid Iso alayhissalom shariatiga mansub ruhoniy, iymon-diyonatda zamonasining peshqadami bo‘lgan, yetmish yil taqvo-yu ibodat yo‘lini mukammal tutgan. Natijada unga nisbatan xalqning ishonch-ixlosi haddan ziyod kuchaygan. Obid shu maqomda turgan kunlarning birida “Shayton ahli saloh suratida aning savmaasig‘a (ibodatxona) kelib, ibodatqa mashg‘ul bo‘ldi va bir yilg‘acha o‘zin andoq toatqa mashg‘ul ko‘rguzdikim, Barsisoy aning ixtiolotig‘a (yaqinligi) mayl ko‘rguzdi...”, ya’ni shaytanat vakili hiyla bilan obidning mahrami, sirdoshiga aylandi...
(Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” kitobida yozilishicha, iblisi la’in ham aslida jin qavmidan edi. Ming yil chap va yana ming yil o‘ng oyog‘ida ibodat qildi. Natija o‘laroq yer ostidagi makonidan osmonga ko‘tarildi. Hatto farishtalar mudarrisi darajasiga yetdi. Zotan, iblisning Azozilga, yana qaytib Azozilning iblisga aylanishida Ollohning cheksiz hikmati yashirin edi. Navoiy yozgan “shayton ahli”ning obid xilvatxonasi va yuragidan joy olishining hikmati shuki, bu – yetmish yillik taqvo egasi uchun zo‘r sinov bo‘ldi.)
“Chaqirilmagan mehmon” obidga shunday bir duoni o‘rgatadiki, uning vositasida obid har qanday bemorni tuzatadi. Barsisoy mashhurligi ustiga ziyoda mashhurlik kasb etadi, el ichida bemisl obro‘ga erishadi. Uning dovrug‘i mamlakat podshohi qulog‘igacha yetib boradi. Shoh obidga e’tiqodi va e’timodi bois, ko‘pdan bemor yotgan qizini uning xilvatxonasiga muolaja uchun keltiradi. Voqeaning davomini Navoiy bunday tasvirlaydi: “Obid muolajag‘a mashg‘ul bo‘lg‘onda ko‘rmagan shakl bila kirub, shayton vasvasa og‘oz qildi. Chun xilvat emin yer erdi va jamila behush, Obid masx fursatni g‘animat tutti. Matlubi muyassar bo‘lg‘ondin so‘ngra rafiqi hozir bo‘lub dedikim, ajab ish qilding. Va ul ishi qabohatig‘a voqif bo‘lub, iloj tiladi. Dedikim, iloji qatldurkim, bir yerda madfun bo‘lg‘ay...” Shayton vasvasasiga uchib, zino qilgan obid ikkinchi bor uning maslahati bilan qotillikka qo‘l uradi. Bundan xabar topgan podshoh obidni qatlga hukm etadi. “Rafiq” o‘lim vahimasida qolgan obid huzuriga yana bir taklif bilan keladi: “Bu balodin seni xalos qilay, agar manga sajda qilsang. Ul nodon bu ishni ham qildi, dag‘i maqtul bo‘ldi”. Haq huzuri va xalq nazarida ulug‘ martabaga erishgan obid shu tariqa uch mudhish jinoyat (zino, qotillik va shirk) sodir etdi, botil ichida o‘lim topdi. Odam uchun bundan-da dahshatli baxtiqarolik yo‘qki, keyinroq Lev Tolstoy “Avliyo Sergiy” asari kengliklari aro ayni gunohi kabira emini topishga urindi.
Gyote qahramoni Faustni yo‘ldan ozdirish uchun Mefistofel ham biryo‘la uchta tuzoq qo‘yadi: boylik, martaba, ayol. Obidlikda Barsisoydan qolishmaydigan Faust ham adoqsiz iztiroblar ichra o‘rtansa-da, bu “ne’mat”larning barchasidan tatib ko‘rishga jazm etadi. Asar xotimasida esa osmon va yerosti muakkillari orasida talash bo‘ladi.
Zimnida obidlik turgan bu uch voqea mif emas, ayni haqiqat. Xo‘sh, mardumning qay birini bunday sinovlardan emin deya olamiz?
UZOQ JO'RAQULOV
Filologiya fanlari doktori, professor.
https://t.me/phd_saidazimova