Respublika ta'lim markazi e'lon qilgan Milliy o'quv dasturlari muhokamasi davom etmoqda. Biologiya dasturi loyihasiga oid murojaat kelib tushdi. Murojaat muallifi - maktab biologiya o'qituvchisi. Uning yozishicha, dastur loyihasidan biologiya o'qituvchilari norozi bo'lishmoqda. Quyida mutaxassisning fikrlari to'liq keltirilgan:
Milliy dastur (Biologiya) bo'yicha o'qituvchilar norozi bo'lishmoqda.
Dastur xalqaro Cambridge IGCSE Biology (0610) dasturidan deyarli so‘zma-so‘z tarjima qilingan va mexanik ravishda ko‘chirilgan. Kembrij ta’lim tizimida IGCSE (0610) − bu 14-16 yoshli o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan boshlang‘ich va umumiy ta’lim bosqichidir. Kembrijda chuqurlashtirilgan ta’lim AS & A Level (9700) bosqichida o‘tiladi. Ishchi guruh xalqaro tajribaning faqat boshlang‘ich (IGCSE) qismini ko‘chirib, uni O‘zbekistonning 7, 8, 9, 10 va 11-sinflariga sun’iy ravishda yoyib chiqqan. A-Level darajasidagi asosiy va fundamentallashgan bilimlar tushirib qoldirilgan. Natijada milliardlab mablag‘ evaziga mualliflik ishlanmasi emas, balki xalqaro dasturning yuzaki va chala tarjimasi yaratilgan.
11-sinf dasturida genetika faqat monoduragay chatishtirish, Pennet katagida genotiplarni aniqlash, qon guruhlari va jins genetikasi bilan cheklangan. Diduragay va poliduragay chatishtirish (Mendelning 3-qonuni), Morgan qonunlari (genlarning birikib irsiylanishi va krossingover), xromosoma nazariyasi hamda genlarning o‘zaro ta’siri (komplementarlik, epistaz, polimeriya) butunlay chiqarib tashlangan. Maktabni bitirayotgan o‘quvchi murakkab irsiy masalalarni yechish ko‘nikmasiga ega bo‘lmaydi. Bu holat bitiruvchilarning milliy hamda xalqaro biologiya olimpiadalarida (IBO) sharmandali muvaffaqiyatsizlikka uchrashiga olib keladi.
Dasturga "hajm" berish va soat hajmini to‘ldirish uchun bir xil tushunchalar sun’iy ravishda maydalangan. Masalan, 11-sinf TF bo‘limida gameta, DNK, gen, allel, genotip, fenotip, gomozigota kabi oddiy lug‘at atamalarining har biriga alohida natija kodi ajratilgan (B11.TF.06–22). Gullarning changlanishi va tuzilishi 9, 10 va 11-sinf dasturlarida uch xil bo‘lim (TF, HJ, ES) ostida bir xil mazmunda qayta-qayta berilgan.
Shuningdek, 11-sinfda fundamental Genetika va Molekulyar biologiyaga bor-yo‘g‘i 15-20 ta natija ajratilgani holda, ma’lumot xarakteridagi Ekologiyaga 54 ta maqsad (B11.ES.01–54) berilgan. Bu o‘quvchi va o‘qituvchini monoton, zerikarli va samarasiz mehnatchiga aylantiradi.
Dasturda xalqaro tajriba deya ko‘rsatilgan amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari respublikadagi maktablarning moddiy-texnik bazasiga mutlaqo mos emas:
Dasturga kiritilgan Benedikt eritmasi, Biuret reaksiyasi, DXFIF (2,6-dixlorofenolindofenol) bilan C vitaminini titrlash, dializ naychalari orqali osmosni o o‘rganish, EKG va puls-oksimetr uskunalaridan foydalanish kabi laboratoriyalar respublikamizdagi 10 000 dan ortiq maktabning 95 foizida mavjud emas.
Reaktiv va asbob-uskunalar bilan ta’minlanmagan maktabda bu o‘quv topshiriqlari amalda bajarilmaydi. Natijada o‘qituvchilar qog‘ozda "o‘tildi" deb hisobot berishga, o‘quvchilar esa amaliyotni shunchaki quruq yodlashga (abstrakt tasavvur qilishga) majbur bo‘ladi.
Bir gap bilan aytganda, shu dasturni tuzgan pedagog o'zi yaxshi bilmaydigan mavzularni chiqarib tashlagan. O'zi yaxshi bilgan mavzularni suniy ko'paytirgan.
Yana bir muammo: dasturda faqat quyi kognitiv darajalarini qoldirilgan, yaʼni dastur faqat bilishga qaratilgan.
Shu dastur bo'yicha jiddiyroq ish olib borish kerak deb o'ylayman. Chiqarib tashlangan mavzularni nima sababdan chiqarilganini, qaysidir mavzularni suniy ko'paytirilganini huquqiy, amaliy tamomlama asoslab berishsin.
P.S. Yuqoridagilar - mutaxassisning fikri. Yuqorida bildirilgan fikrlar bo'yicha va umuman, dastur loyihasi bo'yicha qo'shimcha fikrlar, vazirlik yoki RTMning munosabati bo'lsa - ularni ham berishga tayyorman.