MIRISHKOR TUMANI | Rasmiy: post #61338 — TG.ME

40-sonli maktabda yangi o‘quv yili boshlandi

Mirishkor tumanidagi 40-sonli umumta’lim maktabida 2026/2027-o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan “Bilimlar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbir “Sifatli ta’lim — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori!” shiori ostida tashkil etilib, unda maktabning barcha sinf o‘quvchilari, ota-onalar, ustoz va murabbiylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’lim sifatini oshirish, yosh avlodga zamonaviy bilim va ko‘nikmalar berish, ularning kelajakdagi maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida so‘z yuritildi.

Quvonarlisi, 40-sonli maktab jamoasining 2025/2026-o‘quv yilidagi mehnati o‘zining munosib natijasini berdi. Maktab bitiruvchilarining 55,6 foizi davlat oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilindi. Bu natija o‘quvchilar, ustozlar va ota-onalarning hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari samarasi sifatida e’tirof etildi.

Shu munosabat bilan talabalikka qabul qilingan bitiruvchilarning ota-onalari tadbirga taklif etilib, ularning farzandlari ta’lim-tarbiyasidagi fidokorona mehnati va qo‘llab-quvvatlashi uchun tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda Mirishkor tumani hokimligi devonxona mudiri M. Ro‘ziqulov va boshqa mas’ullar ishtirok etib, o‘quvchilarni yangi o‘quv yili boshlangani bilan muborakbod etdilar.

Bayram tadbiri davomida o‘quvchilar tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar, she’rlar va badiiy chiqishlar namoyish etildi. Ayniqsa, maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan 1-sinf o‘quvchilarining hayajon va quvonchi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

😎😎😎😎😎😎😎😎

📌📌📌📌 / @mirishkorpress
❤3👍1
September 2, 2026 1.2K 3